TOSHKENT, 13 dek – Sputnik. Respublikada quyonchilik sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida hukumat qarori loyihasi tayyorlandi.
Respublikada 2020 yilda quyonlar bosh sonlarini koʻpaytirishning prognoz parametrlari va 2020 yilda amalga oshiriladigan quyonchilik yoʻnalishidagi loyihalar tasdiqlanishi rejalashtirilgan.
“Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Maktabgacha taʼlim vazirligi va Mudofaa vazirligi:
shifoxona va shifo maskanlari, maktab hamda maktabgacha taʼlim muassasalari hamda harbiy qismlarda isteʼmol qilinadigan mahsulotlar tarkibiga parhez va foydali quyon goʻshtini qoʻshishni tashkil etsin;
Moliya vazirligi davlat byudjeti parametrlari doirasida ushbu muassasalarga goʻsht mahsulotlari uchun mablagʻlar ajratishda umumiy goʻsht miqdorining 10 foizigacha miqdorida quyon goʻshti uchun yoʻnaltirsin;
“Naslli quyon yetishtiruvchilar” va “Oʻzbekiston quyonchilik xoʻjaliklari” assotsiatsiyalari mazkur vazirliklar tizimidagi muassasa hamda tashkilotlarga oʻzaro shartnomalar asosida quyonchilik subʼyektlari tomonidan quyon goʻshti yetkazib berishda amaliy yordam koʻrsatsin”, - deyilgan hujjatda.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xonadonlarda quyon yetishtiruvchi dehqon (shaxsiy yordamchi) xoʻjaliklariga quyon parvarishlash maqsadida sotib olinayotgan quyon uyalari(qafasi) va ozuqasi uchun bazaviy hisob-kitob summasining (BHS) oʻn barobari miqdorida vazirlik subsidiyalari ajratish mexanizmalarini 2020 yil 1 fevral sanasidan amaliyotga joriy qilish vazifalari hujjatda bayon etilgan.
Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari yirik savdo markazlari, markaziy dehqon bozorlari hamda aholi gavjum joylarda quyon goʻshti yetishtiruvchi subʼyektlarga mahsulotini sotish uchun shart-sharoitlar yaratish koʻzda tutilgan.