TOSHKENT, 14 dek - Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13-dekabr kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi(YEXHT DIIHB)ning Saylovlarni kuzatish boʻyicha missiyasi rahbari Kayetana de Zulueta Outramni qabul qildi.
Taʼkidlanishicha, bugungi kunda tashkilot Bosh kotibi Tomas Gremingerning mamlakatga tashrifi yakunida qabul qilingan YEXHT bilan sheriklikni kengaytirish boʻyicha "yoʻl xaritasi" amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekiston tashkilotning Parlament Assambleyasidagi ishtirokini tikladi. YEXHT yurtimizdagi parlament saylovlariga 1999-yildan buyon ilk bor toʻlaqonli missiyani joʻnatdi.
"Bugungi uchrashuvda hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari xususida batafsil fikr almashildi, milliy qonunchilikni yanada takomillashtirish, saylov va boshqa sohalarda qoʻshma tadbirlar oʻtkazish masalalari muhokama qilindi", - deyiladi xabarda.
YEXHT DIIHB Saylovlarni kuzatish boʻyicha missiyasi rahbari Oʻzbekiston prezidentiga samimiy qabul hamda mamlakat YEXHT bilan har tomonlama hamkorlik qilishga tayyorligi uchun minnatdorlik bildirdi.
Kayetana de Zulueta Oʻzbekistondagi saylovlar mutlaqo yangi siyosiy muhitda, salmoqli darajada takomillashtirilgan huquqiy normalar asosida oʻtayotgani, shu sababli DIIHB saylov jarayonlarini katta qiziqish bilan kuzatayotganini taʼkidladi.