TOSHKENT, 14 dek - Sputnik. Respublikada joriy yilda 300 ga yaqin buyrak transplantatsiyasi operatsiyalari oʻtkazildi, deb xabar berdi Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot-kotibi Furqat Sanayev Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida oʻtkazilgan matbuot anjumanida.
"Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliyt tibbiyot markazida 230 dan ortiq buyrak, 6 ta jigar, Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazida 68 ta buyrak transplantatsiyasi operatsiyalari oʻtkazilgani tufayli 300 nafardan ortiq fuqaroning yuqori texnologik operatsiyalar uchun chet davlatlarga chiqishining oldi olindi", — deb maʼlum qilgan Sanayev.
Taʼkidlanishicha, qoʻshimcha cakkizta respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (onkologiya va radiologiya, neyroxirurgiya, travmatologiya va ortopediya, allergologiya, nevrologiya va insult, nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi, narkologiya, bolalar xirurgiyasi kabi yoʻnalishlarda) tashkil qilinib, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlar soni 18 taga yetkazilgan.
Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga 3,2 mln AQSH dollari, respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga 2 mln yevro, respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga esa 2,8 mln yevroga teng boʻlgan yuqori texnologik asbob-uskunalar yetkazilib ishga tushirilgan.
Maʼlum qilinishicha, ixtisoslashtirilgan markazlarning filiallari tashkil etilshi natijasida viloyatlarda 2019 yil 11 oyi davomida 2 400 dan ortiq jarrohlik operatsiyalari amalga oshirilgan, uning qariyb 1 500 (55,5 foizi) tasi yuqori texnologik jarrohlik operatsiyalarini tashkil etadi. Natijada 2019 yilda 1400 ga yaqin bemorga yashash joyining oʻzida tibbiy yordam koʻrsatilib, ularning respublika markaziga kelishiga hojat qolmagan.
Joriy yilning oʻtgan davrida hududlarga qariyb 600 nafar xorijlik mutaxassis taklif qilingani, telemeditsina orqali 1000 ta onlayn konsultatsiya oʻtkazilgani eʼtirof etildi.