TOSHKENT, 26 dek – Sputnik. Xalq taʼlimi xodimlari uchun uzatilib boriladigan axborotlar kanalida oʻqituvchilarning asosan qaysi kasallikdan aziyat chekishlari haqida aytildi.
Qayd etilishicha, pedagoglar koʻpincha surunkali charchoq bilan yurganliklari bois ular kasb kasalliklariga oson chalinadilar. Shifokorlar tahliliga koʻra, oʻqituvchilarga eng koʻp xavf soladigan kasalliklar quyidagilardir:
Nevrozlar. Unga duchor boʻlgan oʻqituvchilar oʻquv yili yarmiga borib ulgurmay, sinfda oʻz-oʻzidan baqirish, boʻr yoʻqligi yoki ruchka yozmagani uchun yigʻlab yuborish, uy ishlarini tekshirish asnosida elektrga ulangan dazmolni va boshqa mayda narsalarni unutib qoldirish holatlariga duch keladilar. Nevrozning asosiy belgilari oʻzi bilan oʻzi gaplashish, salga tutoqish, tushkunlikka moyil boʻlishdir.
Tomoq kasalliklari. Koʻpincha haddan ortiq koʻp va baqirib gapirishdan, zoʻriqishdan tovush paychalari zararlanadi. Oʻqituvchi shunday vaziyatda tomoq hiqildoq kasalliklariga oson chalinadi. Masalan oʻqituvchining ertalab chiroyli chiqib turgan ovozi kechki paytga borib umuman chiqmay qolishi mumkin.
Qomat buzilishlari. Ogʻir sumkalar, ish joyidagi noqulay stol-stullar koʻpincha oʻqituvchilarda bel va umurtqa kasalliklarini keltirib chiqaradi. Skalioz (kurak sohasining tepaga koʻtarilishi)boʻlishi ham mumkin.
Infarkt va insultlar. Bu kasalliklar tinimsiz stress, aqliy zoʻriqish, keraksiz topshiriqlar, oilaviy mojarolar tufayli kelib chiqadi. Oʻqituvchilarda ham turli xil zoʻriqishlar yigʻilib, infarkt yoki insultga olib borishi mumkin.
Bunday dardlardan holi boʻlish uchun ish joyi va uyda oʻzini iloji boricha xotirjam tutish, har bir ishni oʻz vaqtida bajarish, oʻquvchilar va hamkasblar oldida koʻngilni keng qilish, mayda gap-soʻzlarga eʼtibor bermaslik, gʻiybatdan uzoqroq yurish, toʻgʻri ovqatlanish va har kuni ochiq havoda sayr qilishga odatlanish kerak.