TOSHKENT, 2 yanv - Sputnik. 2020 yilning 1 yanvaridan boshlab sanʼatkorlarning toʻy va maraka marosimlarida litsenziyasiz ishtirok etishlariga yoʻl qoʻyilmaydi. Bu haqda Oliy Majlis senatining axborot xizmati maʼlum qildi.
Yangi qarorda koʻzda tutilgan tartiblarga koʻra, bundan buyon toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarda ishtirok etuvchi sanʼatkorlar toʻyxona, kafe, restoran maʼmuriyatiga xizmat koʻrsatishga ruxsat beruvchi litsenziya nusxasini taqdim etishi shart.
Shuningdek, toʻylar, oilaviy tantanalar hamda maʼraka va marosimlarda xonanda, sozanda, raqqosa, boshlovchi, soʻz ustasi, fotograf va boshqalar qonuniy tartibda shartnoma asosida xizmat koʻrsatadi.
Yuqorida koʻzda tutilgan marosimlarda ikki nafardan ortiq xonandaning yoki guruhning xizmat koʻrsatishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Bundan tashqari toʻyxona, kafe va restoranlar maʼmuriyati toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilayotganda xavfsizlik choralari taʼminlanishi shart.