TOSHKENT, 8 yanv — Sputnik. Rossiya prezidenti Vladimir Putin farmoniga binoan Oʻzbekistonning Jizzax viloyatida tugʻilgan, qozogʻistonlik milliarder Fattoh Shodiyev “Doʻstlik” ordeni bilan mukofotlandi. Bu haqida Moskva Davlat Xalqaro munosabatlari instituti matbuot xizmati xabar qildi.
Xabarda aytilishiga koʻra, orden Fattoh Shodiyevning Rossiya madaniya va sanʼat sohasiga qoʻshgan katta hissasi hamda koʻp yillik samarali faoliyati uchun taqdim etilgan.
“Fattoh Qayumovichni oliy mukofot bilan chin yurakdan tabriklaymiz! Ishlariga omad va yangi zafarlar tilaymiz!”, - deyilgan MGIMO matbuot xizmati tabrik soʻzida.
Maʼlumot uchun, Fattoh Shodiyev — ERG (Yevroosiyo guruhi) va IMR (International Mineral Resources) kompaniyalarining aktsiyadorlaridan biri, Xalqaro Shodiyev fondi asoschisi. Shodiyev 1976 yilda MGIMOni bitirgan.