TOSHKENT, 11 yanv - Sputnik. Buxoro viloyatidan oʻtuvchi M-37 avtomobil yoʻlida mast holatdagi bezorilar turkiyalik haydovchini doʻpposlashdi, deb xabar bermoqda IIV huzuridagi Tergov departamenti axborot xizmati.
Hodisa Buxoro viloyati Jondor tumani hududidan oʻtuvchi M-37 avtomobil yoʻlining 303 kilometrida sodir boʻlgan.
Ikki nafar mast holatdagi bezorilar Turkiya Respublikasi fuqarosi 63 yoshli M.D. boshqaruvidagi "Mercedes-Benz" rusumli yuk avtomashinasiga tosh otib, uni toʻxtatishib, soʻng urib-doʻpposlab, tan jarohati yetkazishgan.
Turkiyalik fuqaroga birinchi tibbiy yordam koʻrsatilgan.
Hodisa sodir boʻlgan joydan qonga oʻxshash dogʻlar olingan va tegishli ekspertizalar tayinlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jondor tuman IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan G.X. va J.R.larga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi "b,d" bandlari (bir guruh shaxslar tomonidan qariyaga nisbatan sodir etilgan bezorilik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan, ular jinoyat ishi boʻyicha gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, protsessual tartibda ushlanganlar.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.