TOSHKENT, 11 yanv — Sputnik. Tehron yaqinida qulagan "Ukraina xalqaro avialiniyalari" yoʻlovchi samolyoti "inson xatosi" tufayli tasodifan urib tushirilgan. Bu haqda Eron qurolli kuchlari bosh shtabi bayonot berdi, deb xabar qilmoqda Sputnik Yaqin chet el Telegram-kanali.
Bosh shtab xabariga koʻra, Boeing xatolik tufayli dushman samolyoti sifatida qabul qilingan, negaki, u muhim harbiy obʼyekt yaqinidan uchib oʻtayotan boʻlgan.
Bayonotda ushbu hodisa Iroqdagi amerika bazalariga berilgan raketa zarbalariga AQShning ehtimoliy javobi bilan bogʻliq boʻlgan "kuchaytirilgan jangovar tayyorgarlik shart-sharoitlarda" yuz berganligini taʼkidlab oʻtilgan.
Eron TIV rahbari Javad Zarif Twitterda ushbu fojia "AQSH avantyurizmi tufayli yuzaga kelgan inqiroz davridagi inson xatosi" tufayli yuz berganini qoʻshimcha qilgan.
Keyinchalik afsus soʻzlari Eron prezidenti Hasan Ruhoniy tomonidan ham bildirildi. U urib tushirilgan samolyot uchun kompensatsiyani nazarda tutuvchi choralarni koʻrish hamda Eronning raketalarga qarshi mudofaa tizimi qusurlarini yoʻqotish ustida qator choralarni ishlab chiqish toʻgʻrisida buyruq berdi.
Sal oldin Eron Ukraina laynerini "bexosdan" urib tushirgan boʻlishi ehtimoli haqida Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo ham aytgan edi. U bu axborotni kanada razvedkasi, shuningdek, ittifoqdosh razvedkalardan olgan.
Xuddi shunday versiya, yaʼni "Ukraina xalqaro avialiniyalari"ga qarashli Boeing-737 layneri zenit raketasi zarbasi natijasida halokatga uchragan boʻlishi mumkinligi Ukraina Milliy va mudofaa xavfsizligi kengashi tomonidan ham ilgari surilgandi. Shuningdek, versiyalar sifatida samolyotdagi texnik nosozlik va bortdagi terakt ham aytilgan edi.
Eslatib oʻtamiz, Kiyevga reysni amalga oshirayotgan "Ukraina xalqaro avialiniyalari"ga qarashli Boeing-737-800 layneri chorshanba kuni tong sahar Tehron aeroportidan uchib chiqqach, tez orada halokatga uchragan. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, bortdagi 176 insonning barchasi halok boʻlgan. Bortda 167 nafar yoʻlovchi va toʻqqiz nafar ekipaj aʼzolari boʻlgan.