TOSHKENT, 11 yanv - Sputnik. Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi jahon axborot manbalarida AQShning harbiy bazalari joylashtirilgan, deya tarqatilayotgan xaritalarda Oʻzbekistonning Chirchiq va Xonobod hududlari koʻrsatilgani toʻgʻrisidagi xabarlarga oydinlik kiritdi.
"Maʼlumki, soʻnggi kunlarda AQShning Eron bilan oʻzaro ziddiyatlari jahon hamjamiyati eʼtibori markazida boʻlib kelmoqda. Xalqaro tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari mazkur voqelik xususida oʻz yondashuvlariga koʻra turlicha munosabatlar bildirmoqda. Bu kabi yondashuvlarini kuzatar ekanmiz, ikki davlat oʻrtasidagi mazkur ziddiyatga bildirilayotgan munosabatlar hamisha ham xolislik bilan yondashilmayotganiga guvoh boʻlamiz", - deyiladi xabarda.
Xususan, taʼkidlanishicha, 2019 yilning iyun oylaridan boshlab xorijlik faol siyosatchilar tomonidan jahon axborot manbalarida AQShning Eronning yondosh mamlakat hududlarida joylashtirilishi rejalashtirilgan harbiy bazalar xaritasi eʼlon qilina boshlandi.
AQShning harbiy bazalari joylashtirilgan, deya tarqatilayotgan xaritalarda Oʻzbekistonning Chirchiq va Xonobod hududlari ham koʻrsatilgan.
"Oʻzbekiston hududida nafaqat AQShning, hattoki boshqa biror xorijiy davlatlarining harbiy bazalari joylashtirilmagan", - deya aniqlik kiritiladi xabarda.