TOSHKENT, 11 yanvar – Sputnik. AQShning DuPont transnatsional kompaniyasi yordamida Britaniyaning The Economist Intelligence Unit tomonidan oʻtkazilgan tadqiqotlarga koʻra, Oʻzbekiston global oziq-ovqat xavfsizligi reytingida 71-oʻrinni egalladi. Bir yil oldin, ushbu roʻyxatda mamlakat 80-oʻrinda edi.
2018 yilda boʻlgani kabi 2019 yilda ham reytingga 113 ta mamlakat kiritilgan. 2019 yilda 87 mamlakat oʻz koʻrsatkichlarini yaxshiladilar, 18 mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligi darajasi pasaydi, 8 mamlakatda koʻrsatkichlar oʻzgarishsiz qoldi. 2018 yilda reytingning 80-pogʻonasini egallagan Oʻzbekiston oʻz koʻrsatkichlarini yaxshilab, 71-pogʻonaga koʻtarildi. Qozogʻiston (48-oʻrin) va Tojikiston (93-oʻrin) ham ushbu indeksdagi reytinglarini yaxshiladilar.
Oʻzbekiston shaharlarning oziq-ovqat oqimlari oʻzlashtirish, oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining import tariflari koʻrsatkichlarini yaxshiladi. Ammo, shu bilan birga, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishining oʻzgaruvchanligi, qishloq xoʻjaligi sohasida tadqiqot qilish uchun davlat xarajatlari va oziq-ovqat mahsulotlarining oʻrtacha narxidagi oʻzgarishlar kabi koʻrsatkichlari salbiy dinamikani koʻrsatdi.
Dunyo oziq-ovqat xavfsizligi indeksini oʻrganish 2012 yildan beri olib borilmoqda va hozirgi vaqtda dunyoning turli mamlakatlaridagi oziq-ovqat xavfsizligi holatining eng toʻliq toʻplamini aks ettiradi.
Indeks davlatlar siyosati va ularning institutlarining oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi samaradorligini oʻlchaydi. Tadqiqot dunyoda oziq-ovqat xavfsizligi koʻrsatkichlarining uchta asosiy guruhini tahlilini taqdim etadi:
1. Oziq-ovqat mahsulotlaridan foydalanish va isteʼmoli darajasi.
2. Oziq-ovqatning mavjudligi va yetarliligi.
3. Oziq-ovqatning sifati va xavfsizligi darajasi.
Ushbu toifalar qiymatlari ikki yil davomida oʻlchanadigan 28 xil koʻrsatkichlarni oʻz ichiga oladi. Hisoblashda xalqaro tashkilotlar va milliy institutlarning maʼlumotlari qoʻllaniladi. Koʻrsatkichlar tahlili asosida dunyo mamlakatlarining Oziq-ovqat xavfsizligi indeksi boʻyicha yakuniy reyting tuziladi.
Mamlakatning reytingda yuqori mavqega ega ekanligi uning oziq-ovqat xavfsizligi yuqori darajada ekanligini anglatadi.
Shuni ham taʼkidlash kerakki,muqaddam Oʻzbekiston ancha yaxshi natijalarni koʻrsatgan edi. 2016 yilda davlat ushbu xalqaro reytingda 64-oʻrinni egallagan.