TOSHKENT, 27 yanv - Sputnik. Toshkentda elektron tibbiyot tizimi joriy etilishi mumkin. Poytaxt hokimi IHMG taʼsischisi Doʻgʻru Savash bilan uchrashuvda Toshkent shahridagi sogʻliqni saqlash muassasalarida elektron tibbiyot tizimini joriy etish masalasini muhokama qildi.
Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabariga koʻra, Doʻgʻru Savash ushbu tizim afzalliklari haqida toʻxtalib oʻtgan.
Taʼkidlanishicha, bu tizim aholi jon boshiga qancha va qaysi ixtisoslikdagi tibbiyot muassasalari zarurligi, bugungi kunda qanday kasalliklar koʻrsatkichi yuqori ekanligi, dorilarga boʻlgan talab va ehtiyoj kabi qator masalalarda aniq statistika yuritish va shundan kelib chiqib, ishni tashkil etish, tibbiyotning maʼlum yoʻnalishlarini rivojlantirish kerakligi borasida xulosa qilish imkonini beradi.
Uchrashuvda elektron tibbiyotni joriy etish va rivojlantirish zarurati, buning uchun talab etiladigan chora-tadbirlar atroflicha muhokama qilindi.
HMG taʼsischisiga poytaxt aholisi soni hamda ularning tibbiyot yoʻnalishidagi murojaatlaridan kelib chiqqan holda shahar uchun qancha davolash-profilaktika, tahlil va tashxis muassasalari kerakligi borasida maʼlumot tayyorlash taklif qilindi.
Xabarda tomonlarning bu yoʻnalishdagi fikr va tajriba almashinuvi davom etishi qoʻshimcha qilingan.