TOSHKENT, 27 yanv – Sputnik. Xitoyda boʻlib turgan yoki ushbu davlatga tashrif buyurmoqchi boʻlgan Oʻzbekiston fuqarolari diqqatiga bayonot bilan chiqdi.
“Oʻzbekistonning Pekin shahridagi Elchixonasi va Shanxay shahridagi Bosh konsulxonasi xabar qilishicha, Immigratsiya boshqarmasi bergan dastlabki maʼlumotlarga koʻra hozirda Xubey provinsiyasida 166 nafar Oʻzbekiston fuqarosi doimiy asosda yashashi, yanvar oyida provinsiyaga 14 ta vatandoshimiz tashrif buyurgan.
2020-yil 26-yanvar kuni Xitoy huquqni muhofaza qilish organlari Uxan shahri va unga yaqin joylashgan Xubey provinsiyasining boshqa shaharlarida istiqomat qiluvchilarning karantin hududidan chiqib ketishlariga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha choralarni kuchaytirgan. Rasmiy idoralar virusni yuqtirganlar, ayniqsa u yerda boʻlib turgan xorijiy fuqarolar profilaktikasiga katta eʼtibor qaratmoqda.
Elchixona Xitoyning tegishli hukumat idoralari bilan doimiy aloqada boʻlib turibdi, hamyurtlarimizga konsullik-huquqiy yordam koʻrsatishda davom etmoqda va ular oʻrtasida tushuntirish ishlari olib bormoqda, xususan ijtimoiy tarmoqlarga aholini sarosimaga soluvchi mish-mishlarni rad etuvchi videomateriallarni hamda zaruriy ehtiyot choralarini koʻrish boʻyicha eslatmalarni joylashtirmoqda.
Elchixona yanvar oyida Uxandan vatanga qaytib kelgan oʻzbekistonlik talabalarni zudlik bilan Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi bilan +998909882330 (direktor oʻrinbosari B.Qurbonov), +998972755074 (bosh mutaxassis F.Qurbonbekov) telefon raqamlari orqali bogʻlanishni qatʼiy tavsiya qiladi.
Hozirda Xitoy tomoni Uxan shahridan chet el, jumladan Oʻzbekiston fuqarolarini evakuatsiya qilishga qoʻyilgan taʼqiqni bekor qilgani yoʻq.
Tashqi ishlar vazirligi Xitoy hududidagi Oʻzbekiston fuqarolariga zarur holatlarda istalgan vaqtda mamlakatimizning Pekin shahridagi Elchixonasiga +86 135 1102-4242 (Bobur Yaxyayev), +86 139 1175-4476 (Shuxrat Umirov) telefon raqamlari orqali hamda Shanxay shahridagi Bosh konsulxonasiga +86 131 2255-5772 (Aziz Ulugʻbekov) telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib oʻtadi", - deyilgan bayonotda.