TOSHKENT, 28 yanv — Sputnik. Joriy yilning 27 yanvar-6 fevral kunlari “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi rejalashtirilgan. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, tashrif davomida xalqaro koalitsiya vakillari Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda qator tashkilot va idora rahbarlari bilan uchrashadi.
Uchrashuvda koalitsiya vakillari Mehnat vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni oʻrganib chiqishadi.
Cotton Campaign – bu mehnat va huquqni muhofaza qiluvchi, investor va biznes-tashkilotlarining xalqaro koalitsiyasi boʻlib, uning maqsadi paxta yetishtirish jarayonini bolalar mehnati hamda majburiy mehnatdan butkul xoli etishdir.
Koalitsiya Oʻzbekiston hamda Turkmaniston davlatlarining paxta mahsulotlarini jahonga mashhur tekstil va tayyor kiyim ishlab chiqaruvchi kompaniyalar tomonidan boykot qilinishi tashabbuskoridir.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Oʻzbekistonda mehnatga maʼmuriy tarzda majburlash uchun javobgarlik kuchaytirilgani xabar qilingan edi.