TOSHKENT, 28 yanv — Sputnik. 2019 yilgi paxta yigʻim-terim mavsumida majburiy mehnatga yoʻl qoʻygani sababli maʼmuriy jarimaga tortilgan mansabdor shaxslar roʻyxati eʼlon qilindi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi roʻyxatidan jami 43 nafar mansabdor shaxslar oʻrin olgan. Ularning 2 nafari tuman hokimi, 5 nafari tuman hokimi oʻrinbosari, 15 nafari hududiy bank filiallari boshqaruvchilaridir.



Taʼkidlanishicha, yoʻl qoʻygan kamchiliklari sabab 2 nafar tuman hokimi egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.
2019 yil davomida Bandlik va mehnat munosabatlari Davlat mehnat inspektsiyasining murojaat kanallari (1176 qisqa raqamli ishonch telefoni, “www.dmi.mehnat.uz” sayti, @mehnathuquqbot telegram boti)ga majburiy mehnat bilan bogʻliq 1282 ta xabar kelib tushgan. Oʻrganishlar ularning 259 tasida haqiqatan ham fuqarolar majburiy mehnatga jalb etilganini, shuning 118 tasi paxta terimi mavsumida roʻy berganini aniqlangan. Aybdorlar javobgarlikka tortilib, ularga 772 million soʻm miqdorida jarimalar tayinlangan.
Shuningdek, 2019 yil paxta yigʻim-terimi vaqtida Davlat mehnat inspektsiyasi tomonidan 2979 marotaba monitoring oʻtkazilgan. Natijalar esa 3060 nafar fuqaroning majburiy mehnatga jalb etilganini koʻrsatdi. Aybdorlar qonunda koʻrsatilgan tarzda javobgarlikka tortilgan.