TOSHKENT, 29 yanv — Sputnik. Oʻzbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Xitoyda tarqalayotgan yangi turdagi koronavirusning mamlakatga kirib kelishining oldini olish masalasida 28 yanvar kuni yigʻilish oʻtkazdi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlum qildi.
“Oʻzbekistonda hali bittayam holat boʻlmagan. Kecha Bosh vazir tomonidan komissiya yigʻilishi oʻtkazildi. Har bir idora va tashkilotlar, shu jumladan, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Chegara qoʻshinlariga topshiriqlar berildi”, – dedi Sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari Bahodir Yusupaliyev Xalqaro press-klub sessiyasida.
Uning aytishicha, hozircha Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti virus qayerdan kelib chiqqani haqida aniq xulosaga kelmagan.
“Bitta narsani bilishimiz kerak: koronavirus – havo tomchi yoʻli bilan yuqadigan infektsiya. Aksirganda, yoʻtalganda bir-biriga oʻtuvchi, odamdan odamga oʻtishi mumkin boʻlgan infektsiya. Gripp bilan taqqoslasak, grippga oʻxshagan havo tomchi infektsiyasi. Alohida taʼkidlashim kerak, grippda oʻlim holatlari 2-4 foizni tashkil qiladi. Bu yerda ham [koronavirusda] oʻlim holatlari umumiy kasallanganlarga nisbatan 2-4 foizni tashkil qiladi. Bu infektsiya bilan kurashishimiz mumkin. Birinchi navbatda gigiyena talablari, qoidalarini bilishimiz va rioya etishimiz kerak. Bu degani, shamollagan odam niqob taqishi yoki uni alohidalash kerak. Tegishli dorilarni berib, simtomatik davolanadi. Bu davolanadigan kasallik”,- dedi vazir oʻrinbosari.
Bahodir Yusupaliyev aholini vahimaga tushmaslikka chaqirib, virus Oʻzbekistonga kirib kelishining oldini olish uchun yetarli choralar koʻrilganini bildirdi.
Uning maʼlum qilishicha, chegaradagi sanitar-karantin punktlarining faoliyati nazoratga olingan. Har bir punktga infektsionist biriktirilgan. Tegishli teplovizor bilan kirib kelayotganlarning tana harorati koʻtarilgan-koʻtarilmaganini bilsa boʻladi. Qolaversa, har bitta tibbiyot muassasasida zaxira oʻrinlar, dori-darmonlar tayyorlab qoʻyilgan.
Eslatib oʻtamiz, biroz avval Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi fuqarolarga Xitoyga xizmat, turistik va boshqa maqsadlarda tashrif buyurishdan tiyilib turishlarini qatʼiy tavsiya etgani xabar qilingan edi.