TOSHKENT, 29 yanv — Sputnik. Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi fuqarolarga Xitoyga xizmat, turistik va boshqa maqsadlarda tashrif buyurishdan tiyilib turishlarini qatʼiy tavsiya etdi.
Qayd etilishicha, Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari bergan maʼlumotga binoan Xitoy hukumati koʻrayotgan qatʼiy choralarga qaramasdan koronavirusning yangi shakli (2019-nCoV) tarqalishi bilan bogʻliq vaziyat murakkabligicha qolmoqda. Virusni yuqtirganlar soni 6 mingdan koʻproqni tashkil qilib, kasallikdan vafot etganlar soni esa 130 nafardan oshdi.
Oʻzbekistonning Xitoydagi elchixonasi va bosh konsulxonasi Uxan shahri va karantin joriy qilingan boshqa shaharlardagi fuqarolar bilan doimiy aloqada boʻlib turibdi. Markaziy va mahalliy hukumat idoralari bilan birgalikda yuzaga kelayotgan muammolar, shu qatorda maishiy masalalarni tezkorlik bilan hal qilmoqdalar.
“Vatandoshlarimizning sogʻligʻiga boʻlgan ehtimoliy xavf-xatarlarni hisobga olgan holda Oʻzbekiston fuqarolariga Xitoyga xizmat, turistik va boshqa maqsadlarda tashrif buyurishdan tiyilib turishlari qatʼiy tavsiya etiladi”, - deyiladi TIV xabarida.
TIV Xitoydagi fuqarolarga zarur holatlarda istalgan vaqtda mamlakatning Pekin shahridagi elchixonasiga +86 135 1102-4242 (Bobur Yahyayev), +86 139 1175-4476 (Shuhrat Umirov) telefon raqamlari orqali hamda Shanxay shahridagi bosh konsulxonasiga +86 131 2255-5772 (Aziz Ulugʻbekov) telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkinligini yana bir bor eslatib oʻtgan.