"Biz mehmon emas, fuqaro qabul qilamiz” - deputat O‘zbekiston pasporti berilishi haqida

© Sputnik / Vadim ShekunPasport grajdanina Uzbekistana
Pasport grajdanina Uzbekistana - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
1995 yil 1-yanvardan oldin O‘zbekiston Respublikasiga kelgan va shu vaqtdan beri mamlakatda yashayotgan shaxslar tez orada soddalashtirilgan tartibda O‘zbekiston pasportini olishlari mumkin.

Rasmiylashtirish uchun nima qilish zarurligi va qayerga murojaat qilish kerakligi haqida Sputnik muxbiriga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputati Alisher Hamrayev so‘zlab berdi.

Pervie zagranpasporta vrucheni svoim vladelsam - Sputnik O‘zbekiston
Konsullik ro‘yxatida turuvchilarga biometrik pasport berish tartibi belgilandi

- Parlamentga yo‘llagan Murojaatnomada O‘zbekiston prezidenti mamlakatda yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning taxminiy sonini aytgan edi. Haqiqiy raqamlar qanchaligi qiziq? Monitoring o‘tkazilganmi?

- Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi aholisi 33 milliondan ziyodni tashkil etadi. Shulardan 14 365 nafari O‘zbekistonda doimiy yashovchi chet el fuqarolari va 95 857 nafari mamlakatda doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardir. Ularning aksariyat qismi - 74 705 nafari (77,9%) o‘zbek, 6 232 nafari tojik, 4616 nafari rus va boshqa millatlarga mansub.

- Prezident tomonidan 1995-yilning 1-yanvarigacha O‘zbekiston hududiga kelgan shaxslarga soddalashtirilgan tartibda fuqarolik berish masalasi o‘rtaga tashlangach, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi "Fuqarolik to‘g‘risida"gi qonunlarni ko‘rib chiqishga kirishdi va yangi qonunchilik loyihasini tayyor holatga keltirdi. Aytingchi, eski hujjatning kamchiligi nimada edi?

- Umuman olganda, eski qonunimizda qiziq holatlar bor edi – unga ko‘ra O‘zbekistonda fuqarolikni olish qiyinlashib qolgandi. Ayniqsa, 2007-yildan keyin jarayon juda sekinlashgan va qiyinlashgandi. Nega? Sababi, yaqin qo‘shnilarimiz – avval Tojikiston, keyin Qirg‘iziston va Afg‘oniston mamlakatlarida notinchlik yuzaga kelib, bu holat bizga ta’sir qilmasligini ta’minlashimiz kerak edi. Notinchlik o‘z-o‘zidan yuzaga kelmaydi. Masalan, Afg‘onistonga ham, Qirg‘izistonga ham chekkadan kelgan shaxslar o‘z ta’sirini o‘tkazgani va shu ta’sir doirasida o‘sha mamlakat fuqarolarining o‘zlari yurt inqirozi, davlatchilik boshqaruvi inqiroziga sababchi bo‘lishgan. Amaldagi O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi to‘g‘risidagi qonunning asosiy kamchiligi - u 1992-yilda qabul qilingan bo‘lib, ayni vaqtda fuqarolikni rasmiylashtirish bilan bog‘liq munosabatlarni to‘liq qamrab ololmagan. Bu yerda davlat va fuqarolikni oladigan shaxs o‘rtasidagi munosabatlar haqida gap ketapti. O‘sha munosabatlar qonun normasida aks etmagan va uni to‘liq tartibga olish normalari mavjud emas edi.

© Sputnik / Dilshoda RaxmatovaDeputat Zakonodatelnoy palati Oliy Majlisa Respubliki Uzbekistan Alisher Xamrayev.
Biz mehmon emas, fuqaro qabul qilamiz” - deputat O‘zbekiston pasporti berilishi haqida - Sputnik O‘zbekiston
Deputat Zakonodatelnoy palati Oliy Majlisa Respubliki Uzbekistan Alisher Xamrayev.

Ikkinchidan, fuqarolikni olish va fuqarolikdan chiqish tartib-tamoyillari murakkab bo‘lib, to‘liq tartibga solinmagan. Yangi qonunda buni soddalashtirdik. Deylik, umumiy tartib bo‘yicha eski qonunda, fuqarolikka o‘tish maqsadida ariza berayotgan shaxs fuqarolik masalalarini hal etadigan idoralarga 12ta hujjat taqdim etishi belgilangan bo‘lsa, yangi qonun loyihasida ushbu hujjatlar sonini 6taga qisqartirdik. Ayni vaqtda esa fuqarolik masalalarini hal etadigan vazirlik va davlat tashkilotlari o‘rtasida axborot-almashinuv elektron bazasini yaratish ustida ish olib borayapmiz. Bazaning afzalligi - ariza beruvchi o‘zida bo‘lishi mumkin bo‘lgan hujjatlarnigina taqdim etadi, davlat tashkilotlaridan olinishi kerak bo‘lgan hujjatlar – ma’lumotnoma va tavsifnomalar uchun yugurmaydi.

Shuningdek, amaldagi qonunchilikda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Huzuridagi fuqarolik masalalari bo‘yicha komissiya faoliyatining huquqiy asoslari va vazifalari belgilanmagandi. Bu albatta, o‘sha fuqarolikni olish maqsadida ariza bergan shaxslarning fuqarolikni olish jarayonining cho‘zilib ketishiga sabab bo‘lardi. Biz komissiya vakolatlariga aniqlik kiritdik.

Qisqacha aytganda, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish tamoyillarini erkinlashtirdik. Qonunda liberal moddalar ko‘paydi, burokratik normalar kamaydi. Bularning barchasidan ko‘zlagan yagona maqsadimiz fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar sonini respublikada qisqartirish.

- Fuqaroligi bo‘lmagan shaxs – soddalashtirilgan tartibda fuqarolik berilishi mumkin bo‘lgan kriteriylarga mos keldi, deylik. U qayerga va qanday hujjatlar bilan murojaat qilishi kerak bo‘ladi va bu jarayon qancha davom etadi?

- Bunday shaxslar prezident nomiga yozilgan iltimosnoma bilan o‘zlari istiqomat qiladigan hududdagi ichki ishlar idorasiga murojaat etadilar. U yerda arizachiga iltimosnomaga ilova qilinadigan hujjatlar ro‘yxati taqdim etiladi. Ularning soni, yuqorida aytganimdek, oltita. Hujjatlarda kamchilik bo‘ladigan bo‘lsa, yoki ular noto‘g‘ri to‘ldirilgan taqdirda, bu kamchiliklar 3 kunni ichida tuzatiladi va bazaga kiritiladi. Shundan so‘ng 1 oy ichida boshqa manfaatdor tashkilotlardan hujjatlar yig‘ilib, shundan keyin prezident qoshidagi fuqarolik masalalarini hal etuvchi komissiyaga topshiriladi. Komissiya bu hujjatni bir yil ichida ko‘rib chiqadi.

Vibori prezidenta Uzbekistana - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekistonda fuqarolik to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi – nimalar o‘zgarmoqda

- Bir yil ko‘p muddat-ku, nega qisqartirilmadi? Chet el tajribasida uch oyda ko‘rib chiqish amaliyoti ham bor?

- Muddatni qisqartirish mumkin. Lekin bitta narsani inobatga oling, biz mehmon qabul qilmayapmiz, fuqarolik berapmiz. Bir yil muddat so‘ralgani bilan, ko‘pincha amaliyotda 365 kunga bormayapti. Misol uchun, 2019-yildan to shu kunga qadar 6 ming kishi fuqarolikka qabul qilindi, jarayon tezlashgan demoqchiman.

Qolaversa, meni nazarimda, bu borada ehtiyotkor bo‘lmog‘imiz kerak. Chunki shaxs fuqarolikka qabul qilinganidan keyin u O‘zbekiston fuqarosi uchun belgilangan barcha huquqlarga ega bo‘ladi - saylash va saylanish, referendumda ishtirok etish, davlat xavfsizligi, ichki ishlar, prokuratura, harbiy xizmat, davlat boshqaruv organlarida ishlash. Biz Konstitutsiyaga amal qiladigan, O‘zbekiston davlatchiligi qonunlarini hurmat qiladigan va tan oladigan shaxslarni fuqarolikka olishimiz kerak.

- 1995-yildan keyin O‘zbekistonga kirib kelgan va muntazam yashab kelayotgan, ammo hozirgacha fuqarolikka ega bo‘lolmayotgan insonlar taqdiri qanday kechadi?

- Bunday shaxslar umumiy tartibda fuqarolikka qabul qilinadi. Umumiy tartib ham soddalashtirilgan tartibdan deyarli farq qilmaydi.

Ma’lumot uchun: fuqarolikni to‘rt xil tartibi bor: tabiiy tartib (ota-ona O‘zbekiston fuqarosi bo‘lsa, ularning farzandlari ham O‘zbekiston fuqaroligiga ega bo‘ladi), soddalashtirilgan tartib (bunda fuqarolikka ega bo‘lishni istagan shaxs 1995-yilning 1-yanvarigacha O‘zbekistonga kirib kelgan bo‘lishi, muntazam shu yerda yashashi, chet el fuqaroligiga ega bo‘lmasligi shart), alohida tartib (bunda fuqarolikka qabul qilish O‘zbekiston prezidenti vakolati bilan amalga oshiriladi. Ya’ni, prezident, jamiyatga, davlatga, mamlakat ilm-fani, ma’rifati, jamiki sohalariga foydasi tegadigan shaxsni, agar u shunga xohish bildirgan taqdirda, alohida tartibda O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilish vakolatiga ega) va umumiy tartib.

- Prezident qoshidagi fuqarolik masalalarini hal etuvchi komissiya tomonidan fuqarolikka qabul qilishni so‘rab ariza yuborgan shaxsga fuqarolik berilmagani sababi ko‘rsatilishi mumkinmi?

- Yo‘q, mumkin emas. Bu norma ham yangi qonunchilikda qat’iy qayd etildi. Rad etilishi asosi albatta, ko‘rsatiladi. Mabodo rad javobi olinsa, nima uchun rad qilinayotgani va qaysi asosda rad etilayotgani haqida ariza beruvchiga pochta manziliga xat yuboriladi. Agar norozi bo‘lgan taqdirda, ushbu xat asosda u sudga ham berishi mumkin.

- Bugungi kunda mehnat migrantlari orasida O‘zbekiston fuqaroligidan kechmagan holda boshqa davlat fuqaroligini olganlar soni ortib bormoqda? Bu holat yangi qonunchilikda o‘z aksini topganmi?

- Bizda ikki fuqarolik holati tan olinmaydi. Agar bizning fuqaromiz chet el fuqaroligini olgan bo‘lsa va bu aniqlansa, biz u shaxsni O‘zbekiston fuqaroligidan chiqaramiz. Bizdan hisobdan chiqib, Rossiya yoki boshqa davlatga ketib, 7-yil davomida konsullik uchetiga turmagan bo‘lsa, u ham avtomatik ravishda fuqarolikdan chiqariladi. Bularning barchasi fuqarolikni yo‘qotish instituti, deb ataladi.

Shuningdek, Rossiya yoki boshqa davlatda farzand tug‘ilsa, ota-onalardan bittasi O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib, ikkinchi ota-ona bunga rozilik bersa, yoki o‘sha farzand yoshiga yetganda istak bildirsa, otasi O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgani uchun uni biz O‘zbekiston fuqarosi deb tan olamiz, yangi qonunda shuni nazarda tutadigan norma qo‘shildi.

Pasport grajdanina Uzbekistana - Sputnik O‘zbekiston
Fuqarolik bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqish tartibiga o‘zgartish kiritildi

- O‘zbekiston fuqaroligi to‘rtta tartibda beriladi, dedingiz yuqorida. Shular orasida eng og‘iri, murakkabi qaysi?

- Talab jihatdan - eng og‘iri umumiy tartib hisoblanadi. Lekin aslini olganda bu shartlar biz aytayotgandek juda og‘ir emas. Bunda, shaxs chet davlat fuqaroligidan chiqqan bo‘lishi, fuqaroligi bo‘lmagan shaxs uchun yashash guvohnomasi olgan kundan yoki O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish to‘g‘risidagi iltimosnoma bilan murojaat qilgan kunga qadar O‘zbekiston hududida uzluksiz besh yil davomida yashagan bo‘lishi, tirikchilikning qonuniy manbaiga ega bo‘lishi, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga rioya etishni o‘z zimmasiga olishi, davlat tilini muloqot qilish uchun zarur bo‘lgan darajada bilishi (davlat tilini bilish darajasini aniqlash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi tomonidan belgilanadi) kerak.

-  Fuqarolikni olishda davlat tilini bilishga qo‘yilayotgan talab juda katta baxs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Tilni bilishni tasdiqlash zarurati nima bilan izohlanadi?

- AQSh, RF, Fransiya, Italiya, Qozog‘iston, Tojikiston singari davlatlarda bu borada qabul qilingan qonun hujjatlarini o‘rganib chiqqanimizda – ularning barchasida davlat tiliga talab borligini ko‘rdik. Davlat tili – o‘zbek tili ekanligi bu ikkinchi masala. Biz "Davlat tili to‘g‘risida" qonun qabul qilganmiz va davlat bu borada siyosat yuritishi shart. Yana bir marta takrorlayman, biz mehmon qabul qilmayapmiz, biz fuqaro qabul qilayapmiz. O‘zbekistonda doimiy yashaydigan, shu yerda uyli-joyli bo‘ladigan. U muloqot darajasini bilmasa, u qanday yashaydi? Takrorlab o‘taman, u davlat tilida ma’ruza qilishi yoki davlat tilida yozishi shart emas, faqat davlat tilida gaplashishi ham shart emas, shunchaki, O‘zbekiston fuqarosi bo‘lishi uchun muloqot darajasida bilsa, biz yetarli hisoblayapmiz.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga asosan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Vazirlar Mahkamasi bilan birgalikda tayyorlangan qonun loyihasi 28-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining navbatdagi yalpi majlisida ko‘rib chiqiladi.

Yangiliklar lentasi
0