TOSHKENT, 26 fev — Sputnik. Navoiy kon-metallurgiya kombinati zamonaviy kompaniyaga aylantiriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev korxonani isloh qilish masalalari boʻyicha oʻtkazgan yigʻilishda maʼlum qilindi.
Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga koʻra, yigʻilishda shu boradagi reja va chora-tadbirlar koʻrib chiqildi. Navoiy kon-metallurgiya kombinatining tarkibiy tuzilmasini takomillashtirish, korporativ oshkoralikni tatbiq etish, hisob-kitoblarni xalqaro standartlarga oʻtkazish masalalari muhokama qilindi.
“2026 yilga qadar korxonada ishlab chiqarish hajmini 94 tonnaga yetkazish, buning uchun 4 milliard dollarlik 40 ta loyihani amalga oshirish kerakligi taʼkidlandi. Jumladan, loyiha qiymati 525 million dollar boʻlgan yangi konni oʻzlashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi”, - deyilgan xabarda.
Taʼkidlanishicha, kombinatning bugungi kundagi 3,7 ming tonna oltin zaxirasi xalqaro standartlar asosida baholanib, korxona balansida aks ettirilishi zarurligi belgilandi.
Davlat geologiya qoʻmitasi va Moliya vazirligiga zaxiralarni baholash ishlari hamda moliyaviy hisobotlarni xalqaro meʼyorlarga oʻtkazish vazifasi qoʻyildi. Konlar zaxirasi va kamayishi toʻgʻrisidagi hisobotlar, qazib olish loyihalari boʻyicha maʼlumotlarni Avstraliya kodeksi (JORC Code) asosida tayyorlash muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, Navoiy kon-metallurgiya kombinatining korporativ yevroobligatsiyalarini chiqarish masalasiga toʻxtalib oʻtildi.