TOSHKENT, 2 mart — Sputnik. Yangi tashkil etilgan Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi vaziri Rahmat Mamatovning taʼkidlashicha, mahalla raislari tomonidan nafaqa tayinlanishida yuz berayotgan korruptsion holatlariga yaqinda chek qoʻyiladi. Bu haqda u joriy yil 2 mart kuni AOKAda oʻtkazilgan matbuot anjumanida maʼlum qildi.
Rahmat Mamatov kam taʼminlangan sharoiti ogʻir oilalar va 2 yoshdan 16 yoshgacha boʻlgan nafaqalarni toʻlashda ayrim hududlarda mahalla raislari tomonidan gʻirromliklar sodir boʻlayotgani, buni bartaraf etish va adolatli shaffof tizimni yaratilishi yuzasidan oʻz taklifini ochiqladi.
"Mahalla tizimining eng oyogʻidan tortadigan, eng nomiga gap keltiradigan qaror... Bu qaror boʻyicha menga koʻp savollar boʻldi. Haqiqatan ham bu qaror boʻyicha korruptsion holatlar, yaʼni bir oyligini olib qolib, nafaqa tayinlash holatlari mahallalarda yuz bergan... Bu nafaqalar aslida limit asosida beriladigan yordam puli boʻlib, bir mahallada 20 ta fuqaro boʻlsa, shundan uchtasiga beriladi, 17 tasi navbatda turadi. Bu qaror umuman oʻzini oqlamagani uchun bizning tizimdan chiqib ketadi yil yakuniga qadar... Biz bu boʻyicha hamma takliflarni ishlab beryapmiz,– deydi yangi vazir.