TOSHKENT, 2 mar — Sputnik. Sogʻliqni saqlash vazirligi mamlakatdagi 9950 ga yaqin umumtaʼlim muassasasida tegishli sanitariya choralarni amalga oshirish orqali xodimlar va oʻquvchilarning salomatligini muhofaza qilish maqsadida Xalq taʼlimi vazirligi bilan qoʻshma qaror qabul qildi.
Unga koʻra, Oʻzbekistondagi barcha taʼlim muassasalarida profilaktika choralari va nazoratini kuchaytirish, ushbu masalada ogohlikni oshirish, oʻqituvchi va oʻquvchilarni shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilinishi belgilandi.
Shuningdek, maktabga kelmagan xodim va oʻquvchilarning ahvolidan xabar olish, oʻtkir respirator kasallik belgilari aniqlangan oʻquvchilarni zudlik bilan ota-onasi va hududiy oilaviy poliklinikaga xabar berish vazifalari aniq belgilab berildi.
Taʼkidlanishicha, ushbu hujjatda dunyodagi epidemik vaziyat barqarorlashgunga qadar xalqaro va ommaviy tadbirlar hamda sport musobaqalarini zarurat boʻlmasa oʻtkazmaslik, ayniqsa, chet el fuqarolari va xorij davlatlarida boʻlib kelganlarning taʼlim muassasalariga ishga, ularning farzandlarini esa vaqtincha karantin davrida oʻrta maktabga qabul qilmaslik choralarini qatʼiy koʻrish bilan bogʻliq vazifalar ham aks etgan.
Shu bilan birga, SSV tomonidan ishlab chiqilgan tavsiyalar, jumladan, taʼlim muassasalarida tozalik va dezinfektsiya tadbirlarini kuchaytirish, oʻquvchilarning qoʻllarini tez-tez sovun bilan yuvish, aksa urganda albatta tirsak bilan yopish va boshqa gigiyena qoidalari boʻyicha tushuntirish ishlarini olib borish, har tanaffus vaqtida sinfxonalarni shamollatish, muassasalarda kundalik tozalov ishlarida dezinfektsiya vositalaridan doimiy foydalanish choralarini koʻrish kabi profilaktik tadbirlarni qatʼiy amalga oshirish koʻrsatib oʻtildi
“ Umumtaʼlim muassasalarida sanitariya-gigiyena, epidemiyaga qarshi va dezinfektsiya tadbirlarini bajarilishi boʻyicha har bir taʼlim muassasaning rahbari shaxsan javobgar ekanligi toʻgʻrisida ogohlantirildi”, - deyilgan xabarda.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston 1 martdan Janubiy Koreya, Yaponiya va Italiya, Eron va Afgʻonistonga boʻlgan qatnovlarni vaqtincha toʻxtatgan edi.