TOSHKENT, 3 mar — Sputnik. Navoiyda “Obodonlashtirish” boshqarmalari rahbarlarining 3,6 mlrd soʻm byudjet mablagʻlarini talon-toroj qilganliklari fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi maʼlum qildi.
Xabarda yozilishicha, oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Navoiy shahar va Karmana tumani “Obodonlashtirish” boshqarmalari mansabdorlari sheriklari bilan til biriktirib, “P.Service”, “N.Invest”, “I.Service”, “G.Service” hamda “I.Avalon” nomli MCHJlardan oʻrtacha bozor narxi 256,8 ming soʻm boʻlgan “S.Street Light-100 W” projektorlarini 922,0 ming soʻmdan va oʻrtacha bozor narxi 556,7 ming soʻm boʻlgan “S.Street Light-200 W” rusumli projektorlarini 1,4 mln soʻmdan xarid qilishgani aniqlangan. Ular jami 3,6 mlrd. soʻm byudjet mablagʻlarini talon-toroj qilganlar.
Mazkur holat yuzasidan Navoiy shahar va Karmana tumani “Obodonlashtirish” boshqarmalari mansabdor shaxslari hamda yuqoridagi MCHJlarning rahbarlariga nisbatan JKning tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Hozirda tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.