TOSHKENT, 5 mar — Sputnik. Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi Tokio shahri mezbonlik qiladigan XXXII yozgi Olimpiya hamda XVI Paralimpiya oʻyinlari oʻz belgilangan sanasida boʻlib oʻtishini maʼlum qildi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi xabar qilmoqda.
Xabarda yozilishicha, XOQ ijroiya qoʻmitasi tomonidan koronavirus va uning yangi turi xavfi borasidagi muhokamalaridan soʻng musobaqalar oʻz vaqtida oʻtkazilishi toʻgʻrisida qaror qabul qilingan.
Qarorda taʼkidlanishicha, barcha sportchilar toʻrt yillikning eng yirik turniri uchun tayyorgarlikni davom ettirishlari mumkin.
XOQ ushbu qarorni maʼqullashda koronavirus tufayli yozgi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlari oʻtkazilmasligi borasidagi taxminlar paydo boʻlganidan soʻng qabul qilishga majbur boʻlgan.
Eslatib oʻtamiz, Xalqaro olimpiya qoʻmitasi aʼzosi Dik Paund 2020 yilgi Tokio Olimpiadasi bekor qilinishi ehtimoli haqida gapirgan edi.
COVID-2019
Xitoyda nomaʼlum pnevmoniyaning avj olishi oʻtgan yilning oxirida boshlangan edi. 2020 yil 5 mart holatiga koʻra uni yuqtirganlar soni 95 ming kishidan oshgan. COVID-2019dan vafot etganlar soni 3285 kishini tashkil qilgan. 53 mingdan ziyod kishi esa tuzalib ketishga muvaffaq boʻlgan.