TOSHKENT, 8 mar — Sputnik. Eron-Turkmaniston chegarasida 11 nafar Oʻzbekiston fuqarosi qolib ketgani tasdiqlandi.
TIV xabariga koʻra, mamlakatning Tehron shahridagi elchixonasi COVID-19 koronavirusi tarqalishini oldini olish maqsadida Turkmaniston va Eron oʻrtasidagi chegara yopilishi sababli 700 ga yaqin haydovchi, jumladan, 11 nafar Oʻzbekiston fuqarolari “Lutfobod” va “Saraxs” chegara nazorat-oʻtkazish punktlarida qolib ketgani toʻgʻrisida internetda tarqalgan maʼlumotni tasdiqlagan.
Taʼkidlanishicha, elchixonaning konsullik boʻlimi 23-fevraldan buyon mazkur vatandoshlar bilan doimiy aloqada boʻlib kelmoqda. Ular transport vositalarini bojxona postlarida qoldirib, vatanga qaytishni rad etishgan.
“Oʻzbekistonning Tehron va Ashxabod shaharlaridagi Elchixonalari vaziyatni nazoratga olgan hamda ushbu masalani hal qilish uchun Eron va Turkmanistonning tegishli organlari bilan doimiy muloqot olib bormoqda”, - deyilgan xabarda.
Eslatib oʻtamiz, kuni kecha Eron-Turkmaniston chegarasida qolib ketgan oʻzbekistonliklar prezident Shavkat Mirziyoyevdan yordam soʻrab, videomurojaat yoʻllashgan edi.