TOSHKENT, 12 mar – Sputnik. 2020 yil 10 mart kuni Samarqand viloyatida IIB YHXB xodimlari hamda 1982 yilda tugʻilgan haydovchi S.O. oʻrasida nizo kelib chiqqan. Bu haqda Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati maʼlum qilmoqda.
Toyloqdagi mahallalarning birida avtomobil yoʻliga xizmatga jalb etilgan YHXB xodimlari “Neksiya” rusumli avtomashina haydovchisini “xavfsizlik kamarini” taqmaganligi uchun toʻxtatgan.
Sodir etgan qoidabuzarligi haqida tushuntirilayotgan vaqtda haydovchi YPX inspektorining maʼmuriy bayonnoma tuzishiga qarshilik qilgan, uni uyatli soʻzlar bilan haqoratlab, transport vositasini boshqargancha hodisa joyidan ketib qolgan.
Mazkur holat yuzasidan toʻplangan hujjatlar Toyloq tumani Maʼmuriy sudiga yuborilgan. Sudning 2020 yil 11 mart kunidagi qarori bilan haydovchiga 7 sutkalik qamoq jazosi tayinlangan.