TOSHKENT, 14 mar - Sputnik. Oʻzbekiston 14 martdan Frantsiya, Ispaniya va Buyuk Britaniya bilan avialoqalarni toʻxtatadi, deb xabar bermoqda mahalliy OAVlar oʻzining Hukumatdagi manbasiga tayangan holda.
"14 mart kuni 00:00 dan boshlab Oʻzbekiston Frantsiya, Ispaniya va Buyuk Britaniya bilan avialoqalarni toʻxtatadi. Ushbu qaror 12 mart kuni boʻlib oʻtgan Oʻzbekistonga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha respublika maxsus komissiyasi yigʻilishida qabul qilindi", deya xabar berdi "Gazeta.uz" nashri oʻzining hukumatdagi manbasiga tayangan holda.
Xuddi shu kundan boshlab chegara oʻtkazish punktlari orqali Xitoy, Koreya Respublikasi, Italiya, Eron, Frantsiya va Ispaniya fuqarolari hamda ushbu mamlakatlarda doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, shuningdek, soʻnggi 14 kun davomida mazkur davlatlarga tashrif buyurgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning Oʻzbekistonga kirishi vaqtincha cheklanadi.
Joriy etilayotgan cheklovlar diplomatik va xizmat pasporti egalari, shuningdek, sanab oʻtilgan olti davlatda doimiy istiqomat qiluvchi, biroq Oʻzbekistonga tashrif buyurganga qadar 14 kun davomida ushbu mamlakatlarga tashrif buyurmagan fuqarolarga taalluqli emas.
Zarurat tugʻilgan taqdirda, sanab oʻtilgan davlatlardan Oʻzbekiston fuqarolarini olib kelish uchun charter reyslar tashkil etilishi mumkin.
Mavjud maʼlumotlarga koʻra, vazirlik va idoralarga Covid-19 koronavirus infektsiyasi bilan bogʻliq epidemik vaziyat barqarorlashgunga qadar rahbarlar va xodimlarga chet el safarlarini imkon qadar cheklash tavsiya qilindi.