TOSHKENT, 14 mar - Sputnik. "Oʻzstandart" agentligi huzuridagi Standartlar institutida Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda xalqaro tajribalarga asoslangan holda sifatli tibbiy niqoblar ishlab chiqarish boʻyicha davlat standarti ishlab chiqish masalasi koʻrib chiqildi.
Unga koʻra, bugungi kunda ishlab chiqarilayotgan tibbiyot niqoblariga qoʻyilayotgan talablar yetarli emasligi, ushbu talablar boʻyicha niqoblar ishlab chiqarilishi maqsadga muvofiqmasligi toʻgʻrisida hamda kelajakda ushbu meʼyoriy hujjat barcha tibbiyot niqoblarini ishlab chiqaruvchilar uchun yagona talabni shakllantiruvchi va muvofiqlashtiruvchi hujjat boʻlishi haqida aytib oʻtildi.
"Yurtimizdagi tibbiy niqob ishlab chiqarish faoliyatini olib borayotgan mutaxassislar, texnologlar va ekspertlarni jalb etgan holda tez fursatlarda Yevropa meʼyorlariga javob beradigan standart asosida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat standartini ishlab chiqish vazifasi belgilandi. Ushbu tibbiyot niqobining oʻlchamlari, shakli, filtri, mikrobiologik tozalik darajasi hamda hafvsizligi qoʻyiladigan talablarga javob beradi", - deyiladi xabarda.
Taʼkidlash joizki, joriy yilning 1 aprel sanasigacha ushbu loyihani samarali amalga oshirish koʻzda tutilgan.
Eslatib oʻtamiz, koronavirus bilan bogʻliq vaziyat yuzaga kelganidan buyon Oʻzbekistonning barcha regionidagi dorixonalarda tibbiyot niqoblari tanqisligi kuzatilmoqda.