TOSHKENT, 20 mar - Sputnik. Kecha, 19 mart kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida koronavirus pandemiyasining aholi turmush darajasi va iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishda koronavirus tufayli iqtisodning koʻplab sohalari zarar koʻrayotganini va bunga qarshi tezkor choralar koʻrilishi maqsadida, birinchi navbatda koʻrilishi kerak boʻlgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida prezident farmoni qabul qilingani aytib oʻtildi.
Hujjatga koʻra, Inqirozga qarshi jamgʻarma tuzilib, unda 10 trillion soʻm shakllantiriladi. Koronavirus taʼsiri eng yuqori boʻlgan iqtisodiyot tarmoqlariga soliq taʼtillari va kredit qarzlari boʻyicha imtiyozlar berish, byudjet ssudalari ajratish yuzasidan vazifalar belgilandi.
Undan tashqari, 2020 yil yakuniga qadar soliq tekshiruvlariga moratoriy eʼlon qilinadi va qiynalgan korxonalarga soliq qarzlari uchun penya hisoblash toʻxtatiladi. Bunday qiyin sharoitda tadbirkorni birorta tekshiruvchi bezovta qilmaydi, - deyilgan xabarda.
Videoselektor yigʻilishi haqidagi toʻliq xabar bilan quyida tanishing.