O‘zbekiston hukumati xorijiy fuqarolarning vizasini 5-maygacha uzaytirdi

Obuna bo‘lish
Hujjatga ko‘ra, muayan muddatga vizasiz kirish huquqiga ega davlatlar fuqarolariga ham (belgilangan muddat buzilgan taqdirda) istisno tarzida mamlakat hududidan chiqib ketishiga 2020-yilning 5  mayiga qadar ruxsat beriladi. 

TOShKENT, 21 mar - Sputnik. O‘zbekiston hukumati xorijiy fuqarolarning vizasini 5-maygacha uzaytirdi. Bu haqda Turizm davlat qo‘mitasi xabar bermoqda.

"O‘zbekiston hududida bo‘lgan xorijiy fuqarolarning mamlakatdan chiqib ketishlaridagi muammolarni inobatga olib, ularning viza muddatini joriy yilning 5-may sanasigacha avtomatik tarzda uzaytiriladi. Koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha maxsus komissiya yig‘ilishida shunga doir qaror qabul qilindi", - deyiladi xabarda. 

Shuningdek, hujjatga ko‘ra, muayan muddatga vizasiz kirish huquqiga ega davlatlar fuqarolariga ham (belgilangan muddat buzilgan taqdirda) istisno tarzida mamlakat hududidan chiqib ketishiga 2020-yilning 5  mayiga qadar ruxsat beriladi. 

Yuqoridagi holatlarda xorijiy mamlakatlar fuqarolariga nisbatan hech qanday chora ko‘rilmaydi hamda jarima undirilmaydi. 

Transport vazirligi Tashqi ishlar vazirligi va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda xorijiy fuqarolarning o‘z yoki uchinchi mamlakatga qaytishi uchun xarid qilingan “Uzbekistan Airways” AJning aviachiptasi mavjud bo‘lgan taqdirda, ularning qaytib ketishi uchun tegishli reyslarini qo‘shimcha mablag‘ undirmagan holda tashkil etadi.

Yangiliklar lentasi
0