TOSHKENT, 10 apr — Sputnik. Moskvada 8 aprel kechqurun “Tretiy vozrast” nomli qariyalar uchun xususiy pansionatda yongʻin yuz berdi.
FVV xodimlari kelishiga qadar birinchi boʻlib yaqin atrofdagi uylarda istiqomat qiluvchi kishilar, shu jumladan, pansionat oldida yotoqxonada yashaydigan Oʻzbekiston va Tojikistondan kelgan migrantlar yordamga kelishdi.
“Yongʻin taxminan soat 21.00da boshlandi. Biz gumburlagan ovoz eshitdik, keyin “Yordam berila” degan hayqiriqlar eshitildi va tutun boshlandi. Biz hududga yugurdik, oynalarni sindirib, otaxon va onaxonlarni olib chiqdik, ayrimlari oʻzi mustaqil yura olamagan”, - deya eslaydi samarqandlik Azizbek.

Oʻzbekistonlikning soʻzlariga koʻra, ishchilar uyda boʻlgan arqon va narvonlarni olib, pensionerlarni olib chiqishga shoshilishdi.
“Qoʻrqinchli boʻldi, lekin nima qilamiz? Odamlarni oyna orqali chiqardik. Qorongʻi edi, telefon chirogʻi bilan yoritdik”, - deydi migrant.
Yongʻin boshlanganda yotoqxonda 20 nafardan ortiq migrant boʻlgan.
“Bir, bir yarim soat ichida binodan 30 kishi, yoki undan koʻpini olib chiqishga muvaffaq boʻldik”, - deydi samarqandlik Nurik.
Moskva boʻyicha Tergov qoʻmitasi bosh boshqarmasida keksalarni evakuatsiya qilishda yordam bergan fuqarolarni qayd etilishini Sputnik’ga ishontirishdi.
“Idoramiz yongʻin vaqtida yordam bergan kishilarni qayd etadi. U yerda haqiqatdan ham befarq boʻlmagan kishilar oʻzlarining fuqarolik pozitsiyasini namoyish etib, pansionat mehmonlarini evakuatsiya qilishga yordam berdilar. Hozir tergovchilar guvohlar shaxsi aniqlanmoqda va guvoh sifatida soʻroq qilmoqda”, - dedi Moskva TQ bosh boshqarmasi vakili Yuliya Ivanova.
Azizbek oʻz doʻstlarim bilan qahramonlik koʻrsatdim, deb hisoblamaydi. Uning aytishicha, ular oʻrnida boshqa odamlar ham xuddi shunday qilishgan - qariyalarni qutqarishga shoshgan boʻlardi
“Bizga medal va tashakkurlar kerak emas – yaxshisi ish boʻlsa. Oila va bolalarni boqish kerak. Hozir karantin, deyarli hammamiz ish pulisiz qoldik”, - achinib aytadi u.
Ayni vaqtda singan oynalar va atrofdagi axlat qariyalar uyidagi boʻlgan yongʻinni eslatmoqda, IIV xodimlari pansionat yopilgan eshiklar ortida ishlamoqda.
Moskva boʻyicha FVV bosh boshqarmasi matbuot xizmatida pansionatdan kishilarni evakuatsiya qilish ishlarida migrantlar ishtirok etganini Sputnik’ga tasdiqlay olishmadi.
“Bunday maʼlumot bizda yoʻq”, - deb taʼkidlashdi agentlik muxbiriga.

Tergov versiyasiga koʻra, elektr simlari va isitish qozoni nosozligi sababli yongʻin chiqqan. Tutun binoni qamrab olganda, pansionatda 50 nafardan ortiq kishi boʻlgan. Buning oqibatida uch ayol va bir erkak halok boʻldi. Oʻndan ortiq jarohatlanganlar kasalxonaga yotqizildi.