TOSHKENT, 12 apr — Sputnik. Koronavirusdan tuzalgan yoki karantinda boʻlgan shaxsni haqorat qilganlik, shaʼni va qadr-qimmatiga putr yetkazganlik, kamsitganlik, uning shaxsiy hayoti toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tarqatganlik uchun 9 mln soʻmgacha maʼmuriy jarima belgilangan. Bu haqda Adliya vazirligi eslatma bilan chiqdi.
Agar maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan soʻng ushbu qilmish takroran sodir etilsa, aybdorga 22,3 mln soʻmgacha jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari kabi jinoiy jazo qoʻllanilishi mumkin.
Bundan tashqari, fuqaroning shaxsiy hayotiga doir maʼlumotlarni qonunga xilof ravishda oshkor qilish ogʻir oqibatlarga olib kelsa, aybdor 44,6 mln soʻm jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda COVID-19 bilan kasallanganlar 833 kishini tashkil qilmoqda. Shulardan 66 nafari toʻliq tuzalib ketgan. Toʻrt kishi esa ushbu kasallikdan vafot etgan.