TOSHKENT, 12 apr — Sputnik. AOKA shtabida IIV Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Erali Bozorov ishtirokida brifing boʻlib oʻtdi. U jarima maydonida avtomobilga biror kor-hol boʻlsa, zararni kim qoplashini tushuntirdi.
Taʼkidlanishicha, jarima maydonchasiga transport vositasi qabul qilish-topshirish dalolatnomasi asosida joylashtiriladi.
Erali Bozorovning soʻzlariga koʻra, transport vositasi jarima maydonchasiga joylashtirilgandan keyin uning saqlanishi uchun xizmat koʻrsatuvchi yuridik shaxs, yaʼni jarima maydonchaning egasi javob beradi.
“Yaʼni, jarima maydonchasidagi avtomobilga biror kor-hol boʻlsa, zarar xizmat koʻrsatuvchi yuridik shaxs (jarima maydoni egasi) tomonidan qoplanadi”, - dedi u.
Bugungi kunda respublika boʻyicha 233 ta jarima maydoni faoliyat olib bormoqda. Ushbu jarima maydonchalarining barchasi yuridik shaxslarga tegishli. Transport vositalarini saqlash xizmatlari koʻrsatish ushbu yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.