TOSHKENT, 15 apr - Sputnik. Xalqaro Energetika Agentligi (XEA) prognoziga koʻra, joriy oyda dunyo boʻyicha neftga talab yilik hisobda kuniga 29 million barrelga kamayadi, deyiladi aprel hisobotida.
Tahlilchilarga koʻra, oxirgi marta bu daraja 1995 yilda kuzatilgan.
Aprel oyida neftga global talab kuniga 70,4 million barrelni, yil hisobi boʻyicha esa - kuniga 90,6 million barrelni tashkil etadi.
"May oyida kuniga yana 26 million barrelga sezilarli pasayish amalga oshadi. Iyun oyida asta-sekin tiklanish tezlashishi mumkin, ammo talab hali ham oʻtgan yilga qaraganda kuniga 15 million barrelga kam boʻladi", - deyiladi hisobotda.
Agentlik maʼlumotlariga koʻra, yil oxiriga kelib neftga talabning pasayishi tarixdagi eng katta boʻlib, 2019 yilga nisbatan kuniga 9,3 million barrelni tashkil qiladi, "bu oʻn yillik oʻsishni deyarli yoʻqqa chiqaradi".
XEA tahlilchilarining taʼkidlashicha, OPEK+ bitimi dunyoda talab pasayishini qoplay olmaydi, ammo yilning ikkinchi yarmida zahiralarning pasayishi boshlanishiga olib kelishi mumkin.
Birja savdolari Agentlikning prognozlari chop etilganidan soʻng, neft narxining pasayishi tezlashganini koʻrsatmoqda.
Moskva vaqti bilan 11:43 holatiga koʻra Shimoliy dengizning Brent markali neftining iyun oyi fyucherslari narxi 4,26 foizga pasayib, bir barrel uchun 28,36 dollarni tashkil etdi, bir necha daqiqa oldin koʻrsatkich besh foizdan oshiqroqqa pasaygan boʻlib, bir barrel uchun 27,98 dollarni tashkil qilgan. XEA prognozlari nashr etilishidan oldin narxlar taxminan uch foizga pasaygan edi.