TOSHKENT, 9 may — Sputnik. Bugun, 9 may soat 16:00 holatiga koʻra, Oʻzbekistonda koronavirus infektsiyasi qayd etilganlar soni 2349 nafarni tashkil qilmoqda.
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini bayram munosabati bilan tabriklash va ragʻbatlantirish tadbirlari sanitariya talablariga rioya qilgan holda davlat tashkilotlari tomonidan amalga oshirilmoqda.
Tuzalish dinamikasi
Oʻzbekistonda koronavirusdan toʻliq tuzalganlar soni 1803 nafarga yetdi. Bugunning oʻzida Toshkent shahrida (13), Fargʻona (5), Xorazm (10) viloyatlarida jami 28 bemor sogʻaydi.
Tojikistonga yordam
Tojikistonda koʻchma gospital barpo qilinmoqda. Oʻzbekiston tomoni qoʻshni respublikaga insonparvarlik yordami sifatida tibbiy konteynerlar, oʻpkaning sunʼiy ventilyatsiyasi apparatlarini yetkazib berdi.
Tojikiston Sogʻliqni saqlash va ijtimoiy himoya vazirining oʻrinbosari Saida Umarzoda Oʻzbekiston xalqiga oʻz minnatdorchiligini bildirdi.
Dunyo boʻylab tarqalishi
COVID-19 dunyoning deyarli barcha mamlakatlarga yetib bordi. BSSTning soʻnggi maʼlumotlariga koʻra, dunyoda 3,9 milliondan ziyod kishi yangi koronavirus infektsiyasini yuqtirib oldi, 275 ming kishi vafot etdi.