TOSHKENT, 15 may — Sputnik. “Toshshahartransxizmat” 15, 7 va 3 kunlik elektron yoʻl chiptalarini tadbiq etish boʻyicha hukumat qarorini tayyorladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar qildi.
Taʼkidlanishicha, Toshkent shahridagi yoʻlovchi tashishning yer usti transporti yoʻnalishlarini maqbullashtirish ishlari ketmoqda. Mazkur jarayonda asosiy eʼtibor yoʻnalishlarni metro bekatlariga bogʻlash, magistral yoʻnalishlar va ularga yoʻlovchilarni olib chiquvchi yordamchi yoʻnalishlar tarmogʻini yaratishga qaratilgan.
“Ushbu oʻzgartirishlardan maqsad magistral yoʻnalishlar oʻtadigan koʻchalardagi boshqa yoʻnalishlar sonini imkon darajasida kamaytirishdir. Bu birinchi navbatda yoʻnalishlarning bir birini takrorlamasligiga, qatnov muntazamligini taʼminlashga xizmat qiladi. Qolaversa, boʻshagan avtobuslar hisobidan transport vositalari yetishmayotgan yoʻnalishlarni toʻldirish imkonini beradi. Bu esa qatnov intervalini keskin qisqartirib, yoʻlovchilarning ortiqcha vaqt yoʻqotishlarining oldini oladi”, - deyilgan xabarda.
Shuningdek, muvofiqlashtirish jarayonida magistral va shahar markazida qatnovchi yoʻnalishlarga katta sigʻimli, yordamchi va shahar chetidagi yoʻnalishlarga esa yoʻlovchilar oqimidan kelib chiqqan holda oʻrta va kichik sigʻimli avtobuslarni biriktirish rejalashtirilgan.
“Toshshaharxizmat” dastlabki oʻzgartirilgan avtobus yoʻnalishlarini eʼlon qildi. Ular 11, 28, 46, 53 va 147-sonli avtobus yoʻnalishlari.