TOSHKENT, 19 may — Sputnik. 24 may, Ramazon hayiti kuni Rossiya musulmonlar diniy boshqarmasining Moskva va boshqa mintaqalardagi masjidlari yopiq boʻladi. Bu haqda Rossiya musulmonlar diniy boshqarmasi, Muftiylar kengashi raisi shayx Ravil Gaynutdin musulmonlarga yoʻllagan murojaatida maʼlum qildi.
Taʼkidlanishicha, masjidlar yana koʻp odamlar virus yuqtirib olishi uchun sharoit yaratmasligi sabab yopiq boʻladi. Jamoat namozidan koʻp odamlarning oʻlimi va azobiga sabab boʻlmaslik uchun ixtiyoriy ravishda voz kechilgan.
Muftiy musulmonlarni bu yilgi Ramazon hayitini uyda nishonlashga chaqirgan va Qurbon hayitini esa birgalikda jamoat bilan oʻqish nasib etishiga umid bildirgan.
“Biz, Moskva Jome masjidi imomlari, 2020 yil 24 may, Ramazon hayiti kuni musulmonlar odatini oʻzgartirmaslik uchun cheklangan kishi bilan ijtimoiy masofaga rioya qilgan holda bayram namozini ado etamiz”, - deyiladi shayx Ravil Gaynutdin murojaatida.
Qayd etish joizki, Oʻzbekistonda Ramazon hayiti namozi oʻqilishi yoki oʻqilmasligi toʻgʻrisidagi qaror hozircha eʼlon qilinmagan.