TOSHKENT, 27 may - Sputnik. Moliya boshqaruvi oliy maktabining tahlil va IT- tadqiqotlar boʻlimi boshligʻi Mixail Kogan zaruriyat boʻlmasa tunda smartfonni quvvatlashga qoʻymaslikni tavsiya qildi. Zero bu gadjetning ishlashiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. U haqda “Praym” agentligiga bergan intervyusida maʼlum qildi.
Mutaxassisning taʼkidlashicha, batareya darajasi 20-30% dan pastga tushmasligi kerak va smartfonning toʻliq quvvatsizlanishiga umuman yoʻl qoʻymaslik kerak.
Qolaversa, Koganning soʻzlariga koʻra, tez-tez telefonni toʻlaligicha quvvatlashning hojati yoʻq, chunki batareya tezda eskirishi mumkin.
Battery University agentligi maʼlumotlariga koʻra, quvvatlanish darajasini 30-80%da ushlab turish kerak, bu batareyaning toʻliq quvvatlanish – quvvatsizlanish tsikllarining kamida ikki baravarga oshishiga imkon beradi. Maxsus ilovalar buni boshqarishga yordam beradi. Ular batareyani quvvatlashni avtomatik ravishda toʻxtatishga qodir.
Shunga qaramay, ilovalardan foydalanganda, ayniqsa, yangi rusumdagi gadjetlarning tez quvvatlanishi hisobga olinsa, batareyaga yuklanish darajasi saqlanib qoladi.
Shu bois Kogan telefonni yotishdan oldin yoki uygʻongandan keyin quvvatlab olishni tavsiya qiladi. Shuningdek, bu haqda oʻzingizga maxsus eslatuvchilarni oʻrnatish maqsadga muvofiq boʻladi.