TOSHKENT, 6 iyun — Sputnik. Oʻzbekiston FA Zoologiya instituti zoolog mutaxassislari Sardoba suv omborida ilmiy safarda boʻldilar.
“Safarning maqsadi yovvoyi kemiruvchilar va boshqa hayvonlar faoliyatini Sardoba suv ombori toʻgʻoni holatiga taʼsirini aniqlash edi.
Ish jarayonida guruh tomonidan toʻgʻon yonbagʻrining 7 boʻlimi, toʻgʻonning yuqori qismidan esa 31-piketdan 197-piketgacha tekshiruvlar oʻtkazildi. Bu hududlarda ochilib qolgan loy uyumlari va choʻkmalar kuzatildi. Tekshiruvlar muhandis E.Kayumov ishtirokida oʻtkazildi.
Toʻgʻon yonbagʻrining 3 boʻlimida oddiy koʻrsichqonning ochilib yoʻqolgan yoʻllari topildi. Toʻgʻonning yuqori qismida esa Tamarisk qumsichqonining inlari qayd etildi. Nishablik boʻlimlardan birining asosida tulki ini topildi.
Olingan maʼlumotlar shuni koʻrsatadiki, bu kemiruvchilar hamda tulkilar koʻp sonda emas va toʻgʻonning yaxlitligiga jiddiy taʼsir koʻrsata olmaydi. FA Zoologiya instituti mutaxassislari ushbu masala yuzasidan zarur tavsiyalar berishdi”, - deyilgan xabarda.