TOSHKENT, 10 iyun — Sputnik. Oʻzbekiston toʻqimachilik korxonalarida ishlab chiqarilgan 2 million 200 ming dona qiymati 450 ming dollarlik tibbiyot niqoblari Kuvaytga eksport qilindi. “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi xabar qildi.
Qayd etilishicha, Fursan Al Khaleej kompaniyasi bilan 10 million dollarlik niqob yetkazib berish boʻyicha shartnoma imzolangan. Mahsulotning dastlabki partiyasi buyurtmachilarga mayning oxirida yetkazib berilgan edi. Navbatdagisi esa kecha maxsus yuk samolyotida orqali joʻnatilgan.

Niqoblar Quvayt ichki ishlar vazirligi buyurtmasiga binoan import qilindi. Niqoblarning bir qismi ushbu mamlakat sogʻliqni saqlash vazirligiga topshiriladi.
“Importni tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilishdan oldin biz turli mamlakatlar, shu jumladan, Xitoy mahsulotlarini diqqat bilan oʻrganib chiqdik. Oʻrganishimiz natijasida, avvalo, bizni oʻz sifati bilan qoniqtirgan oʻzbek mahsulotlarini tanladik”, - dedi Fursan Al Khaleej kompaniyasi direktori Johid al-Ataish.
Uning soʻzlariga koʻra, hozirda ular Oʻzbekistondan tibbiyot buyumlari - niqob, kombinezon, qoʻlqoplar va boshqa himoya vositalarini sotib olish uchun navbatdagi buyurtmani shakllantirishni boshlashgan.