TOSHKENT, 16 iyun — Sputnik. “Xizmatlar sohasini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun tijorat banklariga Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan 100 million AQSH dollari ekvivalentida kredit ajratiladi.
Kredit tijorat banklariga 7 yil muddatga, shu jumladan 3 yillik imtiyozli davr bilan foiz stavkasi Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foiz past qilib beriladi.
Kreditlar xizmat koʻrsatish sohasidagi tadbirkorlarga, ayniqsa maishiy, taʼlim, tibbiy, axborot-kommunikatsiya va boshqa talab yuqori boʻlgan sohalarda faoliyat koʻrsatadigan korxonalarni tashkil etish (moliya va savdo sohalaridagi tadbirkorlik subʼyektlari bundan mustasno) va jihozlash uchun Markaziy bankning asosiy stavkasi boʻyicha 1 milliard soʻmgacha miqdorda ajratiladi.
Kredit mablagʻlarining kamida 20 foizi ayollar va yosh tadbirkorlarga ajratiladi.
Shuningdek, oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar shugʻullanishi mumkin boʻlgan 67 ta faoliyat (ishlar va xizmatlar) turlari boʻyicha “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida kreditlar ajratiladi.