TOSHKENT, 18 iyun - Sputnik. AIMK shtabida Sardobadagi toshqin oqibatlarini bartaraf qilish boʻyicha brifing boʻlib oʻtdi.
Qurilish vazirligi boshqarma boshligʻi Jalol Arashev zarar koʻrgan hududlarda taʼmirlash-qurilish ishlari jarayoni toʻgʻrisida hisobot berdi.
Sirdaryo viloyati hokimligi injiniring kompaniyasi va pudratchilar bilan 200 milliard soʻmlik shartnomalar imzoladi. Shundan 112,1 milliard soʻm Sardoba hududini tiklash uchun, Xakikat mahallasi uchun 60,6 milliard va Mirzaobod tumani Navbahor mahallasi uchun 27,3 milliard soʻm mablagʻ ajratildi.
Bundan tashqari, umumiy maydoni 52,5 gektarda 2640 xonadondan iborat 66 ta koʻp qavatli uylar qurilishi boshlandi.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, koʻp xonadonli uylarni taʼmirlash va unga tutash hududlarni obodonlashtirish uchun 19 milliard soʻmdan koʻproq mablagʻ kerak boʻladi, shundan 12 milliard soʻm uylarni taʼmirlashga va 7 milliard soʻmdan ortigʻi obodonlashtirish ishlariga sarflanadi.
Eslatib oʻtamiz: 1 may kuni Sirdaryo viloyati Sardoba suv omborida toʻgʻon oʻpirilib, natijada yaqin atrofdagi hududlarni suv bosdi.
Ayni paytda evakuatsiya qilingan aholi uchun suyultirilgan gaz (qariyb 224 tonna) va maishiy gaz (1000 ballon) zaxirasi yaratilib, Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida 124 kilometr tashqi va ichki gaz quvurlari oʻtqazildi.