Suv xo‘jaligini rivojlantirishning 10-yilga mo‘ljallangan konsepsiyasi tasdiqlandi

Obuna bo‘lish
Shuningdek, farmon bilan konsepsiyada belgilangan vazifalarni 2020-2022 yillarda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xarita”si tasdiqlandi.

TOShKENT, 13-iyul — Sputnik.  “O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” prezident farmoni qabul qilindi.

Farmon bilan mamlakatning suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi tasdiqlandi.

Suv omborlari, sel-suv omborlari va boshqa suv xo‘jaligi obyektlarining xavfsizligini hamda ishonchli ishlashini ta’minlash Konsepsiyaning ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi.

Farmonga ko‘ra, 2030-yilga qadar quyidagi ko‘rsatkichlarga erishish nazarda tutilgan:

  • sug‘orish tizimlarining foydali ish koeffitsiyentini 0,63 dan 0,73 gacha oshirish;
  • suv ta’minoti past darajada bo‘lgan sug‘oriladigan yer maydonlarini 560 ming gektardan 190 ming gektargacha kamaytirish;
  • sho‘rlangan sug‘oriladigan yer maydonlarini 226 ming gektarga kamaytirish;
  • Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi nasos stansiyalarining yillik elektr energiyasi iste’molini 25 foizga kamaytirish;
  • barcha irrigatsiya tizimi obyektlariga “Smart Water” (“Aqlli suv”) suv o‘lchash va nazorat qilish qurilmalari o‘rnatilib, suv hisobini yuritishda raqamli texnologiyalarni joriy etish;
  • 100 ta yirik suv xo‘jaligi obyektlarida suvni boshqarish jarayonlarini avtomatlashtirish;
  • qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishda suvni tejaydigan texnologiyalar bilan qamrab olingan yerlarning umumiy maydonini 2 million gektargacha, shu jumladan, tomchilab sug‘orish texnologiyasini 600 ming gektargacha yetkazish;
  • suv xo‘jaligida davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida 50 ta loyihani amalga oshirish.

Farmonda nazarda tutilgan vazifalarning to‘liq va o‘z muddatida bajarilishini ta’minlash maqsadida Suv xo‘jaligi tizimida mas’ul boshqarma tashkil etiladi.

Magistralniy orositelniy kanal v Krasnodarskom krae - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekistonda “Aqlli suv” tizimi qachon ishga tushishi ma’lum bo‘ldi

Klasterlarga o‘z balansidagi qishloq xo‘jaligi ekin yerlarida joylashgan suv xo‘jaligi obyektlarini boshqarish yo‘nalishidagi Suv xo‘jaligi vazirligining funksiyalarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida o‘tkazish to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar orqali amalga oshiriladi.

Shuningdek, farmon bilan konsepsiyada belgilangan vazifalarni 2020-2022 yillarda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xarita”si tasdiqlandi.

Unga muvofiq, suv resurslarini boshqarish, suvdan samarali foydalanish va suvni iste’mol qilish bo‘yicha samarali mexanizmlarni joriy etish maqsadida Suv kodeksi ishlab chiqiladi.

Yangiliklar lentasi
0