korona*TOSHKENT, 18 iyul - Sputnik. Madaniyat vazirligining 32 yoshli xodimi - Akmal Irisov koronavirusdan vafot etdi. Bu haqda vazirlik oʻzining telegramdagi kanalida eʼlon qildi.
Xabarda aytilishicha, Irisov 1988 yilda Samarqand viloyati Payariq tumanida tugʻilgan. Shu paytgacha u Madaniyat vazirligining Iqtisodiy tahlil, moliya va buxgalteriya boshqarmasi bosh mutaxassisi lavozimida ishlab kelgan.
"Shifokorlar tomonidan unga oʻtkir nafas yetishmovchiligi, ikki tomonlama pnevmoniya, COVID-19 tashxislari qoʻyilgan.
Madaniyat vazirligi tomonidan uning oila aʼzolari va yaqinlariga taʼziya izhor etib, chuqur hamdardlik bildiramiz", - deyiladi xabarda.
Sal oldin Oʻzbekiston IIVning uchinchi xodimi koronavirus tufayli vafot etganligi haqida xabar bergan edik.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda koronavirusni yuqtirganlar soni 15 896 nafarga yetgan. 80 kishi qurbon boʻlgan.