Toshkent poliklinikalari 24 soat xizmat ko‘rsatishga o‘tadi – prezident topshirig‘i

Obuna bo‘lish
Toshkent shahridagi 75ta poliklinika koronavirus yengil va simptomsiz kechayotgan bemorlarga 24 soat xizmat ko‘rsatish rejimiga o‘tkaziladi.

TOShKENT, 20-iyul - Sputnik. Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi poliklinikalarni 24 soat xizmat ko‘rsatish tartibiga o‘tkazishni topshirdi. Bu haqida prezident matbuot xizmati 20-iyul kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanidan xabar qilmoqda. 

"Poytaxtdagi 75 ta polikinikaning imkoniyatlarini, ushbu muassasalarda faoliyat olib borayotgan 3 mingdan ortiq shifokor va hamshirani infeksiyaning yengil va simptomsiz kechayotgan bemorlarga xizmat ko‘rsatishga 24 soatlik uzluksiz rejimda to‘liq safarbar qilish topshirig‘i berildi", - deyilgan xabarda. 

Majlisda shuningdek, bugungi kunda oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlari COVID-19ga qarshi kurashga to‘liq jalb etilmaganligi aytib o‘tildi. Prezident xususan quyidagi holatlarga e’tibor qaratdi:

  • oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlari aholiga yordam berish uchun 24 soatlik ish rejimiga o‘tkazilmagan;
  • Toshkent shahridagi 11 ta tuman ko‘p tarmoqli markaziy va 64 ta oilaviy polikinikada har birida 50 dan 200 nafargacha tibbiyot xodimi mavjud bo‘lsa-da, ularning aksariyati kunning faqat birinchi yarmida bemorlarni qabul qilishadi;
  • har bir poliklinikada COVID-19 infeksiyasining yengil yoki simptomsiz kechayotgan bemorlarga konsultativ yordam ko‘rsatish uchun shakllantirilgan 3 ta shifokordan iborat maxsus mobil brigada biriktirilgan bo‘lishi kerak, ammo ayrim brigadalarda umuman vrach yo‘q;
  • deyarli barcha poliklinikalarda rentgen-diagnostika kabinetlari mavjud, lekin ularning imkoniyatlaridan umuman foydalanilmayapti.

Yuqoridagi muammolarni hal qilish vazifasi, hamda Toshkent shahridagi poliklinikalarni 24 soat xizmat ko‘rsatish rejimiga o‘tkazish bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev va sog‘liqni saqlash vazirligiga yuklatildi.

Prezident shuningdek, ushbu faoliyatga jalb qilinayotgan shifokor va hamshiralar mehnatini rag‘batlantirish mexanizmlarini ishlab chiqishni topshirdi.

Yangiliklar lentasi
0