TOSHKENT, 28 iyul - Sputnik. 27 iyuldan 29 iyulgacha Oʻzbekiston hududi atmosferadagi kuchsiz gʻarbiy oqim harakati taʼsirida boʻladi, natijada respublikada ob-havoning oʻrtacha issiq va mamlakat hududining katta qismida quruq boʻlishi kutilmoqda, deb xabar qiladi Oʻzgidromet xizmati.
Oʻzbekistonning togʻli va togʻoldi hududlarida ayrim joylarga qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin. Kunduzgi havo harorati 35-38 daraja boʻladi, ayrim joylarda 40 darajagacha yetadi.
30 iyul kuni Volgaboʻyi hamda Oʻzbekistonning shimoli-gʻarbiy hududlari ustida balandlikdagi tsiklon shakllanishi kutilmoqda, u 31 iyul kuni va avgustning birinchi kunlarida butun respublika hududidagi ob-havoning shakllanishiga taʼsir koʻrsatadi.
31 iyulda respublikaning barcha viloyatlarida ayrim joylarga, 1-2 avgust kunlari togʻli va togʻoldi tumanlarga qisqa muddatli yomgʻir yogʻib, momaqaldiroq boʻlishi mumkin. Kunduzgi harorat 33-36 darajagacha pasayadi, bu iyul oxiri — avgustning boshi uchun xos boʻlgan iqlimiy meʼyorlarga yaqindir.
Baʼzi kunlarda respublika boʻyicha ayrim joylarda shamolning tezligi sekundiga 15-20 metrgacha kuchayishi mumkin.