TOSHKENT, 2 avg — Sputnik. Bosh prokuratura ijtimoiy tarmoqda tarqalgan notoʻgʻri jarrohlik amaliyoti sababli prokuratura xodimi vafot etgani haqida xabar yuzasidan munosabat bildirdi.
Aniqlanishicha, 2020 yil 30 iyul kuni fuqaro 29 yoshli S.T. Zangiota tumanidagi “Lor Med servis” xususiy klinikasida burun deformatsiyasi tashxisi boʻyicha oʻtkazilgan jarrohlik amaliyoti davomida vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Zangiota tumani prokuraturasi tergovga qadar tekshirish harakatlarini olib bormoqda.
“Marhum S.Turdiyev haqiqatda 2018 yil noyabr oyiga qadar prokuratura organlari tizimida ishlab kelib, Toshkent viloyati prokurorining buyrugʻiga asosan prokuratura organlaridan boʻshatilgan”, - deyilgan xabarda.
Prokuratura shifokor hibsga olinganligi haqidagi maʼlumot haqiqatga toʻgʻri kelmasligi maʼlum qilgan.