O‘zbekistonda fan olimpiadalari g‘oliblariga qancha mukofot puli beriladi?

© Press-slujba MNO UzbekistanaPredstaviteli Uzbekistana zavoyevali 6 medaley Mendeleyevskoy olimpiadi
Predstaviteli Uzbekistana zavoyevali 6 medaley Mendeleyevskoy olimpiadi - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Prezident qarori bilan fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar va ularning o‘qituvchilari bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi

TOShKENT, 3 avg — Sputnik. Xalq ta’limi vazirligi O‘zbekistonda fan olimpiadalari g‘oliblari qanday rag‘batlantirilishi borasida ma’lumot berdi.

Prezidentning 2019-yil 3-maydagi “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq fan olimpiadalari g‘oliblarini rag‘batlantirishning yangi tizimi joriy etildi.

Qarorga ko‘ra quyidagi fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar va ularning o‘qituvchilari bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi: Xalqaro matematika olimpiadasi (International Mathematical Olympiad (IMO)), Xalqaro fizika olimpiadasi (International Physics Olympiad (IPhO)), Xalqaro kimyo olimpiadasi (International Chemistry Olympiad (IChO)), Xalqaro biologiya olimpiadasi (International Biology Olympiad (IBO)), Xalqaro informatika olimpiadasi (International Olympiad in Informatics (IOI)).

Pul mukofotari miqdori:

  • 1-o‘rin (oltin medal) uchun – o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravar (111,5 mln. so‘m), o‘qituvchisiga – 450 baravar (100,35 mln. so‘m);
  • 2-o‘rin (kumush medal) uchun – o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravar (66,9 mln. so‘m), o‘qituvchisiga – 250 baravar (55,75 mln. so‘m);
  • 3-o‘rin (bronza medal) uchun – o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravar (44,6 mln. so‘m), o‘qituvchisiga –150 baravarida (33,45 mln. so‘m).

Xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilar va ta’lim muassasasi direktorlari navbatdagi o‘quv yili uchun direktor jamg‘armasidan quyidagicha qo‘shimcha ustama oladilar: 1-o‘rin (oltin medal) uchun – 200%; 2-o‘rin (kumush medal) uchun – 175%; 3-o‘rin (bronza medal) uchun – 150%.

Yuqoridagi nufuzli xalqaro olimpiadalarda medal bilan taqdirlangan o‘quvchilar Oliy ta’lim muassasalariga imtihonlarsiz imtiyozli ravishda qabul qilinadi.

Asosiy olimpiadalarning respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar ixtisoslik fani bo‘yicha davlat oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida maksimal ball olish huquqini beruvchi va uch yil davomida amal qiluvchi sertifikat taqdim qilinadi. Ularni tayyorlagan o‘qituvchilar esa, quyidagicha bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:

  • 1-o‘rin (oltin medal) uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarida (11,15 mln. so‘m);
  • 2-o‘rin (kumush medal) uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 35 baravarida (7,8 mln. so‘m);
  • 3-o‘rin (bronza medal) uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravarida (6,69 mln. so‘m).

Ta’lim muassasalarida o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan xalqaro olimpiadalar g‘oliblari lavozim maoshiga 150 foiz, asosiy olimpiadalar respublika bosqichi g‘oliblari lavozim maoshiga har oy 100 foizlik ustama haqi to‘lanadi.

Oliy ta’lim muassasasini tamomlagan olimpiada g‘oliblari Vazirlar mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan shakllantiriladigan istiqbolli mutaxassislar zaxirasiga kiritiladi.

Bundan tashqari, yuqorida ta’kidlangan qarorga muvofiq matematika, fizika, kimyo, biologiya hamda informatika va axborot texnologiyalari fanlaridan har yili bir marta o‘tkaziladigan qo‘shimcha respublika olimpiadasi joriy etilgan bo‘lib, uning g‘oliblariga quyidagicha bir martalik pul mukofotlari belgilangan:

  • 1-o‘rin (oltin medal) uchun – o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 100 (22,3 mln. so‘m), o‘qituvchisiga – 80 baravar (17,8 mln. so‘m);
  • 2-o‘rin (kumush medal) uchun – o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 85 (18,9 mln. so‘m), o‘qituvchisiga – 65 baravar (14,49 mln. so‘m);
  • 3-o‘rin (bronza medal) uchun – o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 70 (15,6 mln. so‘m), o‘qituvchisiga –50 baravarida (11,15 mln. so‘m).

Qolaversa, mazkur qaror bilan Xalq ta’limi vazirligida Fan olimpiadalari bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash Departamenti tashkil etilgan.

Departament respublika va xalqaro miqyosda tashkil qilinadigan olimpiadalarni muvofiqlashtiradi, onlayn olimpiadalar tashkil qiladi hamda muntazam ravishda iqtidorli o‘quvchilar zahirasini shakllantiradi va ularning monitoringini yuritadi.

Yangiliklar lentasi
0