TOSHKENT, 15 avg - Sputnik. Rossiya va Belorussiya harbiylari Fargʻona xalqaro aeroportida tantanali ravishda kutib olindi, deb xabar bermoqda Mudofaa vazirligi Sharqiy harbiy okrug matbuot-xizmati.

Rossiya va Belorussiya davlatlarining harbiy jamoalari "ARMI – 2020" musobaqasining "Yoʻl patruli" yoʻnalishida ishtirok etadi.

Mehmonlar munosib hordiq chiqarishlari uchun Sharqiy harbiy okrugga qarashli harbiy qismda joylashtirildi.
Shundan soʻng mehmonlar uchun tantanali miting va Rossiya hamda Belorussiya davlatlari bayroqlarini koʻtarish marosimi boʻlib oʻtdi.

Barcha tadbirlar karantin qoidalari asosida oʻtkazildi, deb taʼkidlangan xabarda.
Eslatib oʻtamiz, sal oldin oʻzbekistonlik harbiy xizmatchilar 23 avgustdan 5 sentyabrga qadar boʻlib oʻtadigan Xalqaro armiya oʻyinlarida ishtirok etishi haqida xabar bergan edik.
ArMI-2020 da oʻzbekistonlik harbiylar Rossiya hududida boʻlib oʻtadigan 12 ta musobaqalarda ishtirok etishadi: "Tank biatloni", "Artilleriya olovi ustasi", "Zirhlangan tank texnikasi ustasi", "Musaffo osmon", "Ot marafoni", "Xavfsiz yoʻnalish", "Elburs halqasi", "Xavfsiz muhit", "Harbiy ralli", "Sodiq doʻst", "Qoʻshin razvedkasi aʼlochisi" va "Qurolsoz usta".
Bundan tashqari, oʻzbek harbiylari ona yurtidagi ikki musobaqalarda ishtirok etishadi. Bu "Harbiy- tibbiy estafeta" va "Yoʻl patruli" musobaqalari. Shuningdek, ular Qozogʻistondagi aloqa boʻlinmalarining "Ishonchli qabul" va Belarusdagi "Merganlar chegarasi" musobaqasida bellashishadi.