TOSHKENT, 21 avg - Sputnik. "COVID 19 pandemiyasi davrida maktabgacha taʼlim tashkilotlarining ish faoliyatiga qoʻyiladigan vaqtinchalik sanitariya-gigiyenik talablar" Adliya vazirligida huquqiy ekspertizadan oʻtkazildi va hisobga olindi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot-xizmati xabar bermoqda.
Mazkur hujjat COVID-19 infektsiyasi tarqalish xavfi bilan bogʻliq sanitariya-epidemiologik vaziyatda, turi, tashkiliy-huquqiy va mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar, maktabgacha taʼlim tashkilotlari (MTT)ning ish faoliyatiga nisbatan tatbiq etiladi.
Hujjatga koʻra, MTTga bolalarni qabul qilish vaqtida quyidagi asosiy qoidalarga rioya etish muhim hisoblanadi:
tarbiyalanuvchini olib keluvchi va olib ketuvchi shaxs va tarbiyalanuvchilar MTTga tibbiy niqob tartibiga rioya etgan holda boradi;
tarbiyalanuvchining olib keluvchi va olib ketuvchi shaxslarga MTT hududiga kirishi taqiqlanadi;
tarbiyalanuvchini MTTning masʼul xodimi qabul qilib oladi hamda tibbiy xodim tomonidan "ertalabki filtr" oʻtkaziladi va koʻrsatkichlar maxsus jurnalga qayd qilinadi;
tarbiyalanuvchi "ertalabki filtr"dan oʻtgandan keyin guruhga kirishdan oldin tibbiy niqobni yechadi, kiyim va poyafzalini almashtiradi, soʻngra MTT xodimi nazorati ostida 20 soniyadan kam boʻlmagan muddatda qoʻllarini sovun bilan yaxshilab yuvadi;
MTTda tarbiyalanuvchilarning tana harorati kamida 2 marta (MTTga kelganda va uyga qaytishdan oldin) va ehtiyoj boʻlganda oʻlchanadi.
Shuningdek, hujjatda tarbiyalanuvchilarni xavfsiz taʼlim olishi va tarbiyalanishini tashkil etish chora-tadbirlari ham belgilangan. Jumladan, oʻyinlarni oʻtkazishda tarbiyalanuvchilar guruhi oʻzaro munosabatlarni cheklash orqali 2-3 boladan iborat kichik guruhlarga boʻlinadi.
Eslatib oʻtamiz, Prezidentning tegishli Farmoniga koʻra, texnik hujjatlar joriy yilning 1 iyulidan eʼtiboran Adliya vazirligida majburiy tartibda huquqiy ekspertizadan oʻtkaziladi hamda ijobiy xulosa olingandan soʻng hisobga olinadi va kuchga kiradi.