TOSHKENT, 23 okt - Sputnik. Bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimov Toshkentning Mirzo Ulugʻbek, Mirobod hamda Sergeli tumanlarida veloyoʻlakchalar qurilishini koʻzdan kechirdi va ularni shaxsan sinab koʻrdi.
Ishchi guruh tarkibiga, shuningdek Sport vaziri oʻrinbosari Avaz Karimov, Toshkent shahar hokimining birinchi oʻrinbosari Davron Hidoyatov, hokimning Yoshlar ishlari boʻyicha oʻrinbosari Durdona Akramova hamda Toshkent shahar Turizmni rivojlantirish departamenti direktori Sanjar Tadjiyev, tumanlar hokimlari va boshqalar kirishdi.

Aziz Abduhakimovning maʼlum qilishicha, Shahrisabz koʻchasidagi veloyoʻlakcha yaqin 10 kun ichida ekspluatatsiyaga topshiriladi. Taʼkidlash joizki, bu yoʻlakchalarda koʻzi ojiz kishilar xavfsiz harakatlanishi uchun alohida joy ajratilgan.
“Bu yoʻllarni oʻzimiz shaxsan harakatlanib sinab koʻrmasak, ommaviy sport hamda sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishga doir ishlar jadal ketmaydi”, - dedi Bosh vazir oʻrinbosari.
Toshkent shahar hokimining birinchi oʻrinbosari Davron Hidoyatov aytishiga koʻra, yaqin 2 yil ichida Toshkentda qoʻshimcha 45 km velosiped yoʻlaklari quriladi.
“Ahmad Donish koʻchasi toʻliq tayyor boʻldi, umumiy maydoni 5 kilometrni tashkil etdi. Fargʻona yoʻli koʻchasida veloyoʻlakcha yaratilmoqda, har bitta tomonini 7 kilometrdan hisoblasak, umumiy maydoni -14 km. Bundan tashqari, anhor boʻylarida ham veloyoʻlaklar barpo etilgan boʻlib, ularning umumiy maydoni 10 km chiqadi. Xulosa qilib aytganda, bu yil 20 km maydon veloyoʻlakchaga aylantiriladi, keyingi yil esa kamida 25 km maydon veloyoʻlakchaga aylantirilishi belgilangan”, - dedi Hidoyatov.
Aziz Abduhakimovning soʻzlariga koʻra, asosiy kamchiliklar ayrim joylarda zinapoyalar qurilishi va boʻyoq ishlari oxiriga yetkazilmaganligi bilan bogʻliq, lekin eng asosiy muammo avtomobillar egalarining oʻz mashinalarini tegishli belgilari boʻlishiga qaramasdan veloyoʻlakchalarga joylab qoʻyishidadir.
Shuningdek, bosh vazir oʻrinbosari ushbu oʻrganish ishlari butun shahar boʻylab amalga oshirilishini xabar qildi.
