Siyosat

Milliy gvardiya mamlakatni “yangicha” qoʻriqlaydi – asosiy oʻzgarishlar

© Sputnik / Ramiz BaxtiyarovAvtomobil natsionalnoy gvardii Uzbekistana
Avtomobil natsionalnoy gvardii Uzbekistana - Sputnik Oʻzbekiston, 1920, 24.02.2021
Prezident qarori bilan Milliy gvardiya qoʻriqlash xizmati Milliy gvardiya Qoʻriqlash bosh boshqarmasi etib qayta tashkil etildi.
TOSHKENT, 24 fev — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qoʻriqlash bosh boshqarmasining faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorga imzo chekdi.
Qaror bilan Milliy gvardiya qoʻriqlash xizmati Milliy gvardiya Qoʻriqlash bosh boshqarmasi etib qayta tashkil etildi.
Qoʻriqlash bosh boshqarmasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
  • shartnoma asosida davlat obʼyektlari, muhim obʼyektlarni, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini, shuningdek, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning diplomatik, konsullik va boshqa vakolatxonalarini qoʻriqlash;
  • qoʻriqlanayotgan obʼyektlarda jamoat tartibini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va bartaraf etish;
  • qoʻriqlash vositalari va tizimlarini qoʻllash sohasida yagona texnik siyosatni nazorat qilish, shuningdek, qoʻriqlash faoliyatiga zamonaviy AKTlarni keng miqyosda joriy etish;
  • shartnoma asosida texnik qoʻriqlash vositalarini oʻrnatish (sozlash), ularga texnik xizmat koʻrsatish va ekspluatatsiya qilish;
  • davlat tashkilotlari, shuningdek, ustav fondida (kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslarga tegishli qoʻriqlash boʻlinmalarida inspektorlik nazorat tekshiruvlarini oʻtkazish (huquq-tartibot organlari va harbiylashtirilgan tuzilmalardan tashqari), obʼyektlarda ichki, ruxsat berish rejimlariga rioya etilishiga doir tadbirlarni nazorat qilish va muvofiqlashtirish;
  • ommaviy tadbirlarda jamoat xavfsizligini taʼminlashda ishtirok etish, aholi gavjum joylarda jamoat tartibini saqlashda huquq-tartibot organlariga koʻmaklashish.
Shuningdek, qarorga koʻra, Qoʻriqlash bosh boshqarmasi mustaqil tarkibiy boʻlinma hisoblanib, oʻz vakolatlari doirasida davlat obʼyektlari, oʻta muhim, toifalangan va boshqa obʼyektlarni, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini qoʻriqlash boʻyicha vazifalar va funktsiyalarni koʻrsatilayotgan qoʻriqlash xizmatlari uchun tushadigan mablagʻlar hisobiga, oʻzini oʻzi mablagʻ bilan taʼminlash va mustaqil xoʻjalik yuritish tamoyili asosida amalga oshiradi.
Qoʻriqlash bosh boshqarmasining shahodatlangan tarkibi Milliy gvardiyaning xodimlari hisoblanadi, huquqiy maqomi boʻyicha ichki ishlar organlari xodimlariga tenglashtiriladi.
Qarorga koʻra, 1 iyuldan boshlab Qoʻriqlash bosh boshqarmasi xodimlariga har oyda ularning lavozim maoshiga 20 foiz miqdorda oylik ustama belgilanadi. Qoʻriqlash bosh boshqarmasi ishchi va xizmatchilarining lavozim maoshlarini belgilashda tarif koeffitsiyentlari oʻrtacha 2 baravargacha oshirilgan miqdorda qoʻllaniladi.
1 maydan boshlab obʼyektlarni qoʻriqlash tizimi «Yuqori sifat va qulay narx» tamoyili asosida quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali bosqichma-bosqich takomillashtiriladi:
  • shahodatlangan tarkib tomonidan qoʻriqlanadigan obʼyektlarni bosqichma-bosqich harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalariga oʻtkazish;
  • maqbullashtirilgan aralash qoʻriqlash turlarini joriy qilish;
  • zamonaviy texnik qoʻriqlash vositalarini joriy etish orqali jismoniy qoʻriqlashni qisqartirib borish.
Ushbu chora-tadbirlar uch bosqichda amalga oshiriladi:
- 2022 yil 1 yanvarga qadar — vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, hokimliklarning maʼmuriy binolari, oʻquv va madaniy muassasalar, chakana amaliyot kassalari, bank xizmatlari markazlari;
- 2022 yil 1 iyulga qadar — ishlab chiqarish obʼyektlari, bozorlar, savdo markazlari, teleradiouzatuv obʼyektlari, suv inshootlari;
- 2023 yil 1 yanvarga qadar — bank binolari va boshqa obʼyektlar.
Milliy gvardiya Harbiy-texnik instituti, Ixtisoslashtirilgan oʻquv markazi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Jizzax va Fargʻona mintaqaviy oʻquv markazlari bazasida Qoʻriqlash bosh boshqarmasining harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilarini boshlangʻich tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tashkil etiladi.
Shuningdek, qaror bilan Milliy gvardiya Qoʻriqlash bosh boshqarmasi toʻgʻrisidagi nizom hamdan uning tashkiliy tuzilmasi tasdiqlandi.
Qaror imzolangan kun, yaʼni 20 fevraldan boshlab qonuniy kuchga kirdi.
Yangiliklar lentasi
0
Avval yangilariAvval eskilari
loader
LIVE
Zagolovok otkrыvayemogo materiala